Kremlda Rossiya, Ozarboyjon va Armaniston yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar 4 soat davom etdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida Moskvada o‘tgan uchrashuv 4 soatlik muzokaralardan keyin yakunlandi. Aliyev va Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi ixtilofdan keyin ilk bor yuzma-yuz uchrashishdi.
Tomonlar uchrashuv natijalariga ko‘ra Tog‘li Qorabog‘da iqtisodiy aloqalar va infratuzilmaviy loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha uch tomonlama guruhni tashkil etish haqidagi bayonotni imzolashdi.
Putinning ta'kidlashicha, guruhga uch davlat bosh vazirlari o‘rinbosarlari rahbarlik qiladi. Ular tez orada Tog‘li Qorabog‘ning transport infratuzilmasi va iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalarni taqdim etuvchi ekspertlar guruhini tashkil etishadi.
O‘z navbatida, Ilhom Aliyevning ta'kidlashicha, transport aloqalarining ochilishi Boku va Yerevan manfaatlariga to‘g‘ri keladi. “Harbiy harakatlarni tugatish bo‘yicha tuzilgan bayonotning bandlaridan biri transport aloqalarini ochish bo‘lgandi. Bu mintaqani rivojlantirishni va xavfsizlikni mustahkamlashni jadallashtiradigan sohadir. Chunki bu Ozarboyjon, Armaniston, Rossiya xalqlari, qo‘shnilarimiz manfaatlariga javob beradi”, deb aytgan Aliyev.
Ozarboyjon rahbarining ta'kidlashicha, 30 yildan ko‘proq vaqtdan keyin Ozarboyjon Armaniston orqali Naxichevan muxtor respublikasi bilan bog‘lanadi. Armaniston esa Ozarboyjon hududi orqali Rossiya va Eronga temir yo‘l chiqishiga ega bo‘ladi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning ta'kidlashicha, muzokaralar natijalariga ko‘ra harbiy asirlar masalasini hal qilishning uddasidan chiqilmadi.
“Afsuski, bugun harbiy asirlar masalasini hal qila olmadik. Bu eng og‘riqli masaladir, chunki bu insonparvarlik masalasidir va biz bu yo‘nalish bo‘yicha ishni davom ettirishga kelishib oldik”, deb aytgan Pashinyan.
Uning ta'kidlashicha, Tog‘li Qorabog‘dagi ixtilof hali hal bo‘lmagan, mintaqa maqomini hali belgilash lozim. “Albatta, biz umuman olganda, o‘t ochishni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik. Biroq hal qilish kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar bor. Bu masalalardan biri Tog‘li Qorabog‘ maqomidir. Armaniston Minsk guruhi doirasida muzokaralarni, jumladan ushbu masala bo‘yicha, davom ettirishga tayyor”, deb ta'kidlab o‘tgan Pashinyan.
Mavzuga oid
16:16
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
10:44 / 14.12.2024
GFRda XDI/XSIning ikki a’zosi Ozarboyjonga pora evaziga yordam berganlikda ayblanmoqda
14:22 / 08.12.2024
Ozarboyjonda mushkul vaziyatda qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi
09:23 / 05.12.2024