Investitsiya qancha bo‘lgan? Sardor Umurzoqov Markaziy bank va vazirlik raqamlaridagi tafovutga izoh berdi
Markaziy bank hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar mablag‘lari hisobotini turli raqamlarda, katta farq bilan e'lon qiladi. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur jarayonda vazirlik hisob-kitoblari BMT metodologiyasiga, Markaziy bankniki esa Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi metodikasiga tayanadi.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar bo‘yicha keltiriladigan raqamlar mazkur ikki tashkilot tomonidan nega ikki xil ko‘rinishda taqdim etilishiga izoh berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
«To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar bo‘yicha raqamlarni bizning vazirlik bilan Markaziy bankda turli ko‘rinishda bo‘lishining asosiy sababi, bu hisob-kitob usullari turlicha», – dedi vazirlik rahbari 12 yanvar kuni OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida.
Ma'lum qilinishicha, vazirlik hisob-kitoblari BMT metodologiyasiga, Markaziy bankniki esa Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi metodikasiga asoslangan.
«Markaziy bank bilan bizning vazirlik statistikasida katta farq bor. Chunki Markaziy bank Xalqaro valuta jamg‘armasining alohida metodikasidan foydalanadi. Ularniki to‘lov balansi bo‘yicha statistikani hisob-kitob qilganda kelib chiqadigan raqamlardir. Ya'ni Markaziy bank bevosita pul shaklida keladigan investitsiyalarni hisobga oladi. Shunda ham, agar e'tibor berilsa, ular har chorakda e'lon qilinadigan raqamlar saldosinigina ko‘rsatadi. Ya'ni kirgandan chiqqandan ayirib, sof raqamni ko‘rsatadi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar nafaqat pul ko‘rinishida, balki O‘zbekistonga asosan texnologiya shaklida, ya'ni uskuna, mexanizmlar, litsenziyalar va shunga o‘xshash aktivlar ko‘rinishida kirib keladi. Juda ko‘p investorlarimiz o‘zi kelayotgan davlatdan texnologiya sotib oladi. Masalan, xitoylik bo‘lsa, Xitoy texnikasini olib keladi. Yevropalik bo‘lsa, Germaniya, Italiyaniki va boshqalar. Bizning hisob-kitoblarimiz BMT metodologiyasiga asoslangan. Davlat statistika qo‘mitasi bilan ham bizning raqamimiz prognozida farq bo‘lishi mumkin. Lekin yakuniy hisob-kitob qilinganda farq bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun mana kutamiz, 15-20 yanvarda o‘tgan yilning yakuniy ko‘rsatkichi e'lon qilinadi.
Tan olish kerak, statistikada bizda muammolar bor. Bu statistika organlarining muammosi emas, balki tizimli muammo, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, 2019 yilda hali o‘zlashtirilmagan investitsiyalar ham statistikada o‘zlashtirilgan deb ko‘rsatish hollari bo‘lgan. Biz ularni imkon qadar to‘g‘rilashga harakat qilyapmiz. Lekin ikkinchi masala ham bor. Bu ayniqsa, Toshkent shahrida ko‘p kuzatilyapti.
Juda ko‘p tadbirkorlarimiz, investorlarimiz investitsiya qilingan narsani ayniqsa u uskuna yoki boshqa ko‘rinishda bo‘lsa, ya'ni pul shaklida bo‘lmagan holatda olib kirganida balansga olishni va statistikada aks ettirilishini imkon qadar cho‘zishga harakat qiladi», – dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Ma'lum qilinishicha, mazkur holat soliq bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir qiladi. Bu omil ham raqamlar to‘g‘ri aks etmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Ma'lumot uchun, 2019 yil davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmi 220,7 trln so‘mga yetkazilib, tasdiqlangan yil prognoziga nisbatan 2 barobarga o‘sgandi. Xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar – 9,3 milliard dollar (shundan asosiy kapitalga – 6,6 milliard dollar) va davlat kafolati ostidagi xorijiy investitsiyalar va kreditlar – 4,0 milliard dollar (shundan asosiy kapitalga – 3,2 milliard dollar) o‘zlashtirilgandi.
Markaziy bank ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining sof investitsion pozitsiyasi 2020 yilning 1 yanvarida 12,3 milliard dollarni tashkil qilgan.
Mavzuga oid
21:10 / 18.11.2024
Andijonda 1800 gektar yerning toifasi o‘zgartirilib, ishlab chiqarish majmualari quriladi
19:10 / 13.11.2024
Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
11:56 / 11.11.2024