00:27 / 17.01.2021
9572

YeI «dollar hukmronligi»ni kamaytirishni rejalashtirgani ma'lum bo‘ldi

Yevrokomissiya loyihasida AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi sanksiyalarni tiklaganidan so‘ng YeI to‘qnash kelgan qiyinchiliklar to‘g‘risida so‘z boradi. YeIni «bunday noqonuniy choralar qabul qilinishi oqibatlaridan himoya qilish lozim», deyiladi loyihada.

Foto: Depositphotos

Yevroittifoq jahon bozori dollarga ortiqcha darajada bog‘lanib qolganligini e'lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Financial Times gazetasi Yevrokomissiya loyihasi va o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Bryussel bu masalani AQShning saylangan prezidenti Jo Baydenning inauguratsiya marosimidan avval ko‘tarmoqchi, deb yozadi nashr. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, loyiha 19 yanvar kuni qabul qilinishi mumkin.

Hujjatda birinchi navbatda AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi sanksiyalarni tiklaganidan so‘ng YeI to‘qnash kelgan qiyinchiliklar to‘g‘risida so‘z boradi. YeIni «bunday noqonuniy choralar qabul qilinishi oqibatlaridan himoya qilish lozim», deyiladi loyihada.

«Trampning prezidentlik davri zaif tomonlarimizni ko‘rsatib berdi va biz ularni bartaraf etishimiz kerak. Gap YeIning jahondagi o‘rni – ko‘lamimizga yarasha iqtisodiy va moliyaviy kuch bo‘lishimiz haqida ketmoqda», — dedi nashr manbasi.

AQSh 2018 yil may oyida Tehron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishi va unga qarshi sanksiyalar tiklanishini e'lon qilgandi. Yevroittifoq Eron bilan savdo kelishuvlarini himoyalash maqsadida bu cheklovlarni aylanib o‘tishga qaror qildi. Shu maqsadda 2019 yil iyunda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Tehron bilan INSTEX (Instrument in Support of Trade Exchanges) moliyaviy mexanizmini joriy etdi. Keyinroq unga Belgiya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlandiya va Shvetsiya qo‘shildi.

Ushbu mexanizmga muvofiq, Eron Yevropa mamlakatlariga neft va boshqa mahsulotlar yetkazib berishi, ammo pullar Eron banklariga emas, unga sanoat mahsulotlari, dori-darmon va oziq-ovqat yetkazib beradigan Yevropa kompaniyalariga o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Germaniya hukumati 2020 yil 31 martda ana shunday dastlabki o‘tkazma amalga oshirilganini ma'lum qilgandi. 

Mavzuga oid
Top