2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.
Davlat dasturida soliq islohotlarini amaliyotga samarali joriy etish, soliq ma'muriyatchiligini shaffof yo‘lga qo‘yish, soliq yukini kamaytirish va soddalashtirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish maqsadida 7ta taklif ilgari surilgan.
1. Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish.
Joriy yil davomida Davlat soliq qo‘mitasi hamda Moliya vazirligi tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalarning to‘liq joriy etilishini ta'minlash, shuningdek, raqamli markirovkani joriy etish kutilmoqda. Shuningdek, tovar-moddiy zaxiralarni va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish uchun elektron shartnomalar (ishonchnomalar) almashinuvini joriy etish nazarda tutiladi.
2. DSQ axborot tizimlari kompleksining xalqaro standartlar asosida yagona platformasini ishlab chiqish.
2021 yilning noyabr oyiga qadar, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan majburiyatlarni bajarishni yengillashtirish va soliq ma'muriyatchiligini soddalashtirish taklif etilmoqda. Tegishli vakolatli vazirliklar tomonidan soliq ma'muriyatchiligini avtomatlashtirishda foydalaniladigan axborot tizimlari kompleksining yagona platformasini yaratish vazifasi bajaralishi kerak. Shuningdek, ma'lumotlarni vizualizatsiya qilish tizimlarini joriy etish hamda axborot tizimlarini standartlashtirish nazarda tutiladi.
3. Soliq auditining har bir qadamini avtomat tarzda qayd etib boradigan va uning ijrosini nazorat qiladigan tizimlarni (Case Management System) (Case Assesment System) yaratish.
2021 yil noyabrga qadar, soliq to‘lovchilarni segmentlash, xavflilik darajasidan kelib chiqib, inson omilini to‘liq bartaraf etgan holda, soliq nazoratini amalga oshirish imkoniyatini yaratish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, jamoatchilik nazorati ostida nazorat tadbirlarini amalga oshirish va tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, korrupsiya holatlarining oldini olish hamda soliq ma'muriyatchiligi shaffofligini ta'minlash belgilanmoqda.
















