08:00 / 21.01.2021
113015

Shaharlarni «vertikal daraxtzorlar»ga aylantirish: reallikka ko‘chayotgan g‘oyalar

Stefano Boyeri – zamonaviy arxitekturada taniqli me'morlardan. Yaqinda u o‘z jamoasi bilan Italiya bo‘ylab quriladigan 1500ta vaqtinchalik pavilonlarning o‘ziga xos dizaynini ishlab chiqdi.

Foto: Stefano Boeri Architetti

Pavilonlar intereri yog‘och va matoli qoplama bilan, tashqi tarafi esa katta navro‘zgul tasviri bilan bezatiladi. Jamoa bejirim loyiha ustida beg‘araz, haq olmasdan ish olib bordi.

«Bu loyiha halovat va tiklanishni timsol qiladigan dizaynda yaratildi. Virus bizni kasalxona va uylarga qamagan bo‘lsa, vaksina hayot va tabiat bilan qayta bog‘lanishimizga imkon beradi», deydi Boyeri.

Foto: Stefano Boeri Architetti

Stefano Boyeri azaldan daraxtlarga oshufta. Uning yashil olamga muhabbati bolaligida «Daraxtlar orasidagi Baron» asarini o‘qiganida uyg‘ongan. Asarda bir bolakay daraxtlar olamiga tirmashib chiqadi va ortga qaytmaslikka ont ichadi.

«Daraxtlar ham shaxslar deb o‘ylayman. Har birining rivojlanish tarixi, hayot yo‘li va o‘z shakli-shamoyili bor», – degandi Stefano bir intervyusida.

Bolalarga xos ishtiyoq me'morni Il Bosco Verticale (Vertikal daraxtzor) nomli mashhur binoni loyihalashga undagan. U ona shahri Milanda qad rostlagan inshootning fasadini tirik organizmga aylantira oldi.

Foto: Giovanni Nardi for Stefano Boeri Architetti

Loyiha 2 binodan iborat turar joy majmuasidan iborat. Binolardan birining balandligi 80 metr, ikkinchisi 112 metr bo‘lib, jami 20 ming daraxt, o‘simlik va butalarga zamin bo‘lgan.

O‘simliklar betartib joylashtirilgan ayvonlardan ko‘rinib turadi va inshootning yon tarafidan tepaga «o‘rmalagan». Boyerining hisob-kitoblariga ko‘ra, majmuada istiqomat qiluvchi har bir shaxsga 2 daraxt, 8 buta va 40 gul to‘g‘ri keladi.

Foto: Giovanni Nardi for Stefano Boeri Architetti

Bunday bog‘-monand inshoot qurishdan asosiy maqsad – estetikani tarannum qilishdir.

Yashillik esa apartamentlarni bezab, majmuada yashovchilarga ruhiy quvvat baxsh etadi; binoga yovvoyi hayot nuqsini beradi (Boyerining aytishicha, binoning turli qavatlarida 15 turdagi yuzlab qushlarning inlari bor).

Foto: Giovanni Nardi for Stefano Boeri Architetti

Me'morning faxr bilan ta'kidlashicha, binolar har yili 30 tonna karbonat angidrid gazini yutib, 19 tonna kislorod chiqaradi.

«Shahrimiz ichida va atrofida yashil sahnlarni ko‘paytirish – iqlim o‘zgarishining oldini olishda eng yaxshi choralardan biri. Vertikal biologik sahnlar – yashillikni ko‘paytirishning yo‘llaridan biri. Bog‘lar yagona yechim emas. Shunday ekan, binolarning yon tarafidan nega endi foydalanmaslik kerak?» deydi me'mor.

Foto: Giovanni Nardi for Stefano Boeri Architetti

«Boshqa energiya tejovchi xususiyatlar, jumladan, geotermal isitish tizimlari va oqova suvlardan foydalanish kabilar e'tiborni ko‘p ham jalb qilolmadi. Shunga qaramay, ular binolarga nafaqat shakl tarafdan, balki funksional tomondan ham daraxtlarga o‘xshash imkonini berdi. Inshootlar rostan ham daraxtlar kabi. Boshdan oyoq. Ularning tanasi bor, suv va quvvatni turli shoxlar orqali taqsimlaydi», – deya so‘zida davom etadi u.

Andozaga arzigulik shahar modeli

Foto: Giovanni Nardi for Stefano Boeri Architetti

2018 yilning sentabr oyida Vertikal O‘rmon dunyoning eng yaxshi yangi binosi biyennalisi – RIBA International Prize'ning finaliga chiqib, kuchli to‘rtlikka kirdi. Boyerining ta'kidlashicha, loyihaning haqiqiy yutug‘i – uning yagonaligi.

Stefanoning bundan ham kattaroq niyatlari bor. Uning kompaniyasi Yevropaning bir qator shaharlarida yangi Vertikal O‘rmonlar qurish rejalarini e'lon qilgan. Italiyaning Trevizo, Shveytsariyaning Lozanna va Niderlandiyaning Utrext shaharlarida ham Boyerining antiqa loyihalari amalga oshiriladi.

Xitoyning Liuju shahrida esa, O‘rmon Shahar qurishni reja qilib qo‘ygan. O‘rmon Shahar 139 gektardan oshiqroq hududda joylashib, unda daraxt bilan yo‘g‘rilgan turar joylar, kasalxonalar, maktablar va ofis bloklari bo‘ladi.

Boyerining aytishicha, Misr va Meksikada ham shunday shaharlar qurish bo‘yicha buyurtmalar tushgan.

Har bir manzil u yerda qanday daraxt va buta unib ketishini bilish uchun ikir-chikirigacha o‘rganilishi kerak (namlik darajasi, shamol va quyosh nurlari tushishi). Milandagi majmua ochilishidan oldin Boyeri ikki yil davomida turli o‘simliklarni kuzatgan va chidamli deb topilganlaridan loyihada foydalangan.

Top