Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdagi 10ta ko‘chada maxsus transport harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi kutilyapti
Toshkent shahridagi 10ta ko‘chada avtobus, yo‘nalishli taksi, tez tibbiy yordam, o‘t o‘chiruvchi mashinalar harakati uchun alohida ajratilgan yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda "Toshshahartransxizmat" AJ axborot xizmati xabar berdi.
Bunda, Toshkent shahridagi 10ta ko‘cha:
Bobur ko‘chasi (Xalqaro aeroport bekatidan Seul ko‘chasi kesishmasi);

Furqat ko‘chasi (Seul ko‘chasidan Islom Karimov ko‘chasi kesishmasi);

Kichik halqa aylanma yo‘li (Shota Rustaveli ko‘chasidan Farhod ko‘chasi kesishmasi);

Farhod ko‘chasi (Kichik halqa aylanma yo‘lidan Lutfiy ko‘chasi kesishmasi);

Lutfiy ko‘chasi (Farhod ko‘chasidan Muqimiy ko‘chasi kesishmasi);

Muqimiy ko‘chasi (Lutfiy ko‘chasidan Shota Rustaveli ko‘chasi kesishmasi);

Farg‘ona yo‘li ko‘chasi (Qo‘shko‘prik ko‘chasidan Qo‘yliq ota ko‘chasi kesishmasi);

Istiqbol ko‘chasi (Nukus ko‘chasidan Shahrisabz ko‘chasi kesishmasi);

Ahmad Donish ko‘chasi (Toshkent halqa aylanma yo‘lidan Nurafshon ko‘chasi kesishmasi);

Sebzor ko‘chasi (Nurafshon ko‘chasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi kesishmasi)ga qadar alohida yo‘laklar ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida yo‘lovchilarni samarali tashish uchun shahar ichidagi avtobuslarning manziliga belgilangan vaqtda va tezda harakatlanishi jamoat transportining asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Buni amalga oshirish uchun, odatda, «Avtobus» yoki deb «A» deb nomlanadigan maxsus ajratilgan yo‘llarni jamoat transporti uchun belgilash rejalashtirilmoqda.
Maxsus yo‘nalishlarni tashkil etishning asosiy omili - avtobuslar har doim o‘z to‘xtash joyiga belgilangan vaqtda yetib borishi va tirbandliklarga tushib qolmasligiga erishish. Shu bilan bir qatorda, avtobuslarning harakatlanish vaqtida boshqa yengil mashinalarga xalaqit qilmasligi ham ta'minlanadi.
Bildirilishicha, mazkur yo‘laklar jamoat transportida harakatlanish vaqtini oldindan aytib berish imkoniyatini yanada oshiradi. Ajratilgan qatnov yo‘llari jadvalga rioya qilgan holda, yo‘lovchilarning shaharning bir nuqtasidan boshqa bir nuqtasiga tezkorlik bilan yetib olishi imkoniyatini yaratadi.
Tirbandliklarni bartaraf etish hamda yo‘lovchilarni o‘z vaqtida tashish bilan bir qatorda, ajratilgan chiziqlar favquloddagi xizmat mashinalari (tez tibbiy yordam va o‘t o‘chirish transport vositalari)ga ishni tezkorlik bilan bajarishiga yordam beradi.
Ta'kidlanishicha, alohida ajratilgan yo‘laklarda shaxsiy avtoulovni boshqarish taqiqlanadi.
Yo‘nalishli taksi, maxsus taksi xizmatlari hamda velosiped orqali harakatlanuvchilar belgilangan qoidalarga asosan mazkur yo‘llardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
“Alohida ajratilgan yo‘laklar ishga tushirilgan vaqtda yengil avtotransport vositalari mazkur yo‘laklar yonida o‘zini qanday tutishini bilishi lozim.
Xususan, harakatlanish davomida noxush holatlar yuzaga kelmasligi va avtoulovlar jamoat transportiga xalaqit bermasligi uchun yo‘l harakat xavfsizligi xodimlari aholini oldindan ogohlantirishi hamda jamoat transportining ustuvorligini targ‘ib qilishi kerak bo‘ladi. Ommaviy axborot vositalari hamda reklama ustunlarida alohida ajratilgan yo‘laklar va tushunarli tasvirlar bilan reportajlar, ijtimoiy reklamalar orqali yoritish lozim.
Alohida ajratilgan yo‘laklar paydo bo‘lganidan so‘ng, oyning birinchi o‘n kunligida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari jarimalar qo‘llamasdan, haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishi zarur bo‘ladi.
Jamoat transporti rivojlanishi, qulay bo‘lishi va yo‘nalish jadvaliga muvofiq ishlashiga erishish uchun aholi o‘rtasida jamoatchilik talabini shakllantirish zarur. Shahar aholisi alohida ajratilgan yo‘laklarning hayotga tatbiq etilishini rad etsa, fuqarolar shaxsiy mashinalarda harakatlanishga o‘tishga majbur bo‘ladi, bu shahar tirbandlikda qolishiga zamin yaratadi”, - deyiladi ma'lumotda.
Mavzuga oid
12:50 / 18.07.2026
Ohangaron poligonidagi yong‘in uchun “Maxsustrans”ga qariyb 684 mln so‘mlik kompensatsiya hisoblandi
17:14 / 17.07.2026
Chilonzor tumanini elektr uzilishlari qamrab oldi
11:40 / 17.07.2026
Toshkent – Bekobod qatnoviga zamonaviy elektropoyezd chiqariladi
05:32 / 17.07.2026