O‘zbekiston | 15:10 / 27.01.2021
7569
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi jarimalar miqdori aybdorlik darajasidan kelib chiqqan holda belgilanadi

Qonunchilik palatasining 2021 yil 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma'muriy jazo choralari yengillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.

Parlament saytida xabar berilishicha, loyiha bilan yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yo‘l harakatiga qasddan, shu jumladan yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalal berish, avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun'iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravari miqdorida jarima solish belgilanyapti.

Shuningdek, qonun loyihasida belgilanayotgan normalarga muvofiq, poyezdlarning vagonlari, avtotransport vositalari va shahar yo‘lovchilar transportidan chiqindi yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish — bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi jarimalar miqdorini aybdorlik darajasidan kelib chiqqan holda belgilash hamda zarur infrastruktura mavjud bo‘lmagan va majburlikdan sodir etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarimalar miqdorini yengillashtirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid