Jahon | 04:13 / 30.01.2021
16744
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Xitoyning harakatlariga javoban Hongkong aholisiga fuqarolik berishni boshladi

Foto: BBC News

Britaniya hukumati 31 yanvardan Hongkongning “xorijlik britaniyalik” (British National (Overseas), BNO) pasportiga ega bo‘lgan barcha fuqarolari hamda ularning qarindoshlari Britaniyaga kelib, u yerda yashash, ishlash va o‘qishlari mumkinligini e'lon qildi. 6 yildan keyin ularga Britaniya fuqaroligi beriladi.

BNO pasportlari hongkongliklarga Hongkongning Xitoyga 1997 yilda topshirilishidan avval berilgan. Bunday ilk pasport 1987 yilda o‘z egasiga topshirilgan. “Xorijlik britaniyalik” maqomi konsullik ko‘magi va himoyasini taqdim qiladi, biroq Britaniya hududiga bemalol kirish, yashash va ishlash huquqini bermaydi. Bunday pasportga ega shaxslar Britaniya fuqarosi hisoblanmaydi. 

Britaniya hukumati 2020 yilda Xitoy Hongkongning xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilganiga javoban BNO pasportiga ega kishilarga fuqarolikni berishni soddalashtirishga qaror qildi. Britaniya hukumatining ta'kidlashicha, yuqorida keltirilgan qonun Britaniya va Xitoy o‘rtasida 1984 yilda imzolangan kelishuvni buzadi. O‘sha kelishuvda Xitoy hukumati Hongkong fuqarolarining huquq va erkinliklarini ta'minlashga va hududning avtonom maqomini qo‘llab-quvvatlashga va'da bergan.

“Men BNO egalariga davlatimizda yashash, ishlash va o‘rnashish imkonini beradigan yangi usulni kiritganimizdan bag‘oyat faxrlanaman. Biz shu tariqa Hongkong xalqi bilan ega bo‘lgan chuqur tarixiy aloqalar va do‘stligimizga hurmatimizni bildiramiz hamda Britaniya ham, Hongkong ham qadrlaydigan erkinlik va avtonomiyani qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Britaniya bosh vaziri Boris Jonson. 

Britaniyaning bu xatti-harakatlariga Xitoy BNO pasportlarini boshqa tan olmasligi bilan javob berdi. “Xitoy 31 yanvardan BNO pasportlarini shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma sifatida boshqa tan olmaydi va o‘z ortimizdan boshqa choralar ko‘rish huquqini saqlab qolamiz”, deb aytgan Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid