O‘zbekiston | 21:07 / 30.01.2021
6417
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari agentligi korrupsiyaga qarshi menejment bo‘yicha xalqaro standart sertifikatini oldi

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, ushbu standart quyidagilarni qamrab oladi:

  • davlat xizmatlari markazlari faoliyati ustidan nazorat;
  • davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida davlat organlari faoliyatini nazorat qilish;
  • xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlardan xayriya ehsonlari va homiylik mablag‘larini olish va sarflash, jismoniy va yuridik shaxslarning badallari, shuningdek grantlarni qabul qilish va sarflash;
  • DXM binolarini investor mablag‘lari hisobidan qurilishini tashkil etish.

Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens tizimi 2019 yil yakunidan e'tiboran joriy etila boshlangan.

KPMG xalqaro kompaniyasi tomonidan 2019 yil noyabr-dekabr oylarida agentlik tizimida mavjud korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash ishlari olib borilgan.

BMT Taraqqiyot dasturi va KPMG mutaxassislarining ko‘magida quyidagi hujjatlar tasdiqlangan:

  • Davlat xizmatlari agentligida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari;
  • DXA xodimlarining rasmiy xulq-atvor va odob-ahloq normalari to‘g‘risidagi qo‘shimcha nizom;
  • agentlikda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tartibi;
  • agentlik tizimiga aloqa kanallari orqali kelib tushadigan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi.

Agentlikka korrupsiyaga aloqador murojaatlarni quyidagi kanallar orqali yo‘llash mumkin:

  • 1148 raqamli «ishonch telefoni»;
  • Adliya vazirligining "@anticorbot" Telegram-kanali yoki Agentlikning "@davxizmataloqa_bot" Telegram-kanali;
  • agentlikning Facebook'dagi sahifasi;
  • elektron pochta orqali (davxizmat@exat.uz, info@davxizmat.uz );
  • bevosita agentlik direktoriga;
  • DXA umumiy telefon raqami yoki agentlik veb-saytida ko‘rsatilgan bo‘limlar / hududiy boshqarmalar rahbarlarining telefonlari;
  • DXA markaziy apparati yoki hududiy boshqarmalar devonxonasi orqali.

Shuningdek, agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas'ul xodim belgilangan; agentlik rasmiy saytida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etilgan.

Bundan tashqari:

  • Koorupsiyaga qarshi kurashish, uni oldini olish hamda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish mavzularida KPMG mutaxassislari tomonidan vebinar va treninglar o‘tkazib, xodimlarning sohaga oid bilimlari mustahkamlab borilmoqda;
  • fuqarolarning DXMlar faoliyatida korrupsiyaga daxldor murojaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Agentlikning hududiy boshqarmalari boshliqlariga yetib borishini ta'minlash maqsadida, DXMlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha «to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qutilari» o‘rnatildi;
  • DXMlarda fuqarolarning navbatini boshqarishning shaffof tizimini shakllantirish maqsadida «QUMATIC» elektron navbat tizimi joriy etildi. Hozirda fuqarolar markazlarning binosiga bormasdan turib ham elektron navbat olish imkoniyatiga ega;
  • Agentlik binosida situatsion markaz o‘rnatildi. Bu – barcha hududlardagi DXMlarni onlayn nazorat qilish imkonini beradi.

SeRT International kompaniyasi mutaxassislari tomonidan Davlat xizmatlari agentligi tizimida 2-bosqichdan iborat audit tekshiruvlari o‘tkazilib, agentlik ISO 37001:2016 «Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi» xalqaro standarti bo‘yicha sertifikat olishga munosib deb topildi.

Mavzuga oid