Halol xizmat ko‘rishni o‘z oldiga maqsad qilib, Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida mo‘jazgina restoranga asos solgan Mahmud Abdullayev ham musofirchilikning og‘ir sinovlarini boshdan kechirgan.
«Lazzat» restorani – Seuldagi birinchi halol o‘zbek milliy taomlari oshxonasi. Uning asoschisi elchixona tadbirlari, xalqaro ko‘rgazma va festivallarda ham faol ishtirok etib, o‘zbek milliy taomlarini xorijliklarga tanitib kelmoqda.

O‘tgan yili Mahmud Abdullayev O‘zbekistonning «Turizm fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 2020 yilda «Lazzat» restoranida o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, Mahmud Abdullayev Discovery kanalining «Hello Plate» loyihasida Koreyadagi dunyoning to‘rt nafar eng kuchli oshpazlari bilan o‘zaro bellashdi.
Kun.uz'ning Koreyadagi muxbiri «Lazzat» restoranida bo‘lib, Uzbek.Life loyihasi doirasida Mahmud Abdullayev bilan suhbatlashdi.
— Mahmud aka, barchasi qanday boshlangan? Koreyaga kelishingizga va mana shu yo‘lni tanlashingizga nima sabab bo‘lgan?
— 2009 yilda O‘zbekistonda avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanar edim. U vaqtlarda bir do‘stim Koreyaga qatnab yurar edi. U menga: «Mahmud aka, biz bilan Koreyaga borib, original ehtiyot qismlarini tanlab bersangiz, ularni O‘zbekistonga jo‘natishni yo‘lga qo‘ysak, nima deysiz?» deb taklif berdi.
Shu do‘stim sababli 2009 yil kuzida Janubiy Koreyaga kelib, avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, zavodlarni o‘rgana boshladik.
— «Lazzat» oshxonasini ochishingizga nima turtki bergan?
— Koreyaga 2009 yilda kelgan bo‘lsam, 2013 yil bahoriga qadar turli xil ishlarni qilib, oilam, farzandlarimdan uzoqda musofirchilikning nonini yeb yurdim. Keyin 2013 yil bahorlarida ayolimni ham olib keldim.

U vaqtda Anvar aka ismli hamyurtimizning do‘konlarida go‘sht tarqatib yurar edim. Bir oshxonaga go‘sht olib borganimda: «Oshxona bor, sotib olmaysizmi?» deb qolishdi. Shunda do‘stim Xurshidbekka: «Faqat quruq go‘shtni sotaveramizmi, endi buni pishirib ham sotaylik», dedim. Bu taklifim ularga ham ma'qul bo‘ldi va biz bu restoranni ochishga shartnoma tuzdik.

















