O‘zbekiston | 22:38 / 01.02.2021
25248
2 daqiqa o‘qiladi

«Maktab o‘qituvchilarining oyligini 2024 yilgacha ming dollarga yetkazishni mo‘ljallaganmiz» - vazir o‘rinbosari

«Bu masalada takliflar tayyorlanmoqda», – dedi xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Xalq ta'limi vazirligi 2024 yilgacha maktab o‘qituvchilarining oyligini ming dollarga yetkazishni rejalashtirgan. Bu haqda vazir o‘rinbosari Temur Komilov ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra, o‘qituvchilarning oyligini 2024 yilgacha xalqona tilda aytganda ming dollarga yetkazishni mo‘ljallaganmiz va bu masalada takliflar tayyorlanmoqda.

Qaror loyihasi ishlab chiqilgach, uni albatta, jamoatchilik, xususan, o‘qituvchi-ustozlarimiz bilan muhokama qilamiz», – dedi Komilov 1 fevral kungi matbuot anjumanida.

Temur Komilov xalq ta'limi tizimidagi moliyaviy qing‘irliklarga izoh berarkan, ular asosan naqd puldan o‘g‘irlash, ishlanmagan soatlarga qo‘shib yozish, lavozim maoshlarini noto‘g‘ri qo‘llash (mutaxassisga oliy toifali o‘qituvchining stavkasida maosh belgilash), malaka-toifa sertifikatlarini qalbakilashtirib, asossiz va noqonuniy maosh qo‘shib yozish ko‘rinishida amalga oshirilganini aytdi.

Soliq idoralariga hali ishlanmagan davr uchun xodimlarning maoshidan soliq to‘lab yuborish holatlari ham uchrab turgani ta'kidlandi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, moliyaviy kamomadlarga asosan ish haqini hisoblash bo‘yicha nihoyatda ko‘p me'yoriy-huquqiy hujjatlar va inson omili sabab bo‘lmoqda. Shu bois hozirda xalq ta'limini boshqarishning yagona majmuaviy kompleksini ishlab chiqish boshlangan va ish haqini hisoblashda avtomatlashtirish sari qadam tashlangan.

Mavzuga oid