O‘zbekiston | 08:36 / 02.02.2021
21929
3 daqiqa o‘qiladi

15 yoshgacha bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar bepul tarqatiladi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Respublikada onalar va bolalarning salomatligini mustahkamlashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Loyiha bilan 2020 — 2025 yillarda 15 yoshgacha bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi hamda respublikada ayollar va bolalar salomatligini mustahkamlash uchun xarid qilinadigan, 15 yoshgacha bolalar va homilador ayollarga polivitamin maxsus komplekslarini va bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari xarid qilish, taqsimlash va ajratish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.

Shuningdek, respublikada onalar va bolalarning salomatligini mustahkamlash borasida quyidagi tartib o‘rnatiladi:

a) 2021 yil 1 iyundan boshlab:

6 — 23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;

6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar «A» vitamini bilan;

2 — 10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta'minlanishi;

b) 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3 — 15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan;

35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta'minlanishi;

v) 2021 yil 1 apreldan boshlab birinchi nav bug‘doy uni bilan bir qatorda oliy nav bug‘doy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Loyiha qabul qilinishi bilan 15 yoshgacha bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million nafar, 2022 yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi hamda ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta'minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid