Jahon | 23:12 / 03.02.2021
5933
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Germaniyadan qo‘shinlarini olib chiqishni to‘xtatdi 

Foto: Global Look Press/ZUMA

AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati AQShning Germaniyadagi qo‘shinlarining katta qismini olib chiqish haqidagi qarorning ijrosini to‘xtatdi. Avvalgi prezident Donald Tramp Germaniyadan 9,5 ming amerikalik harbiyning olib chiqilishini ma'qullagandi.

AQShning Yevropadagi qo‘mondonligi boshlig‘i Tod Uoltersning ma'lum qilishicha, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Trampning qarorini tahlil qilmoqda.

“Pirovard natijada mudofaa vaziri prezident bilan birga qaror qabul qiladi”, deb aytgan Uolters. Uning ta'kidlashicha, AQSh mudofaa vaziri qo‘shinlar olib chiqilishi haqidagi qarorni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda.    

Donald Tramp Berlin NATOga to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani sababli Germaniyadagi qo‘shinlar sonini 34,5 mingdan 25 minggacha kamaytirishga va'da bergandi. O‘shanda Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O'Brayyen Germaniya uchta shartni bajarsa, ya'ni “Shimoliy oqim-2” gaz quvurining qurilishini to‘xtatsa, 5G xizmatlari provayderi sifatida Xitoyning Huawei kompaniyasini tanlamasa va o‘z mudofaasini mustahkamlash bo‘yicha rejaning amalga oshirilishini tezlashtirsa, AQSh o‘z qo‘shinlarining olib chiqilishi bo‘yicha rejalarini o‘zgartirishi mumkinligini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid