Jamiyat | 16:46 / 09.02.2021
28297
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva 4-shahar kasalxonasining bolalar jonlantirish bo‘limiga tashrif buyurdi 

Foto: Anhor.uz

Toshkentda yuk poyezdi o‘n to‘rt yoshli qizni urib yubordi. 2021 yil 5 fevralda qiz maktabdan temir yo‘l kesishmasi orqali uyiga qaytayotgan bo‘lgan. Bu uning va boshqa yuzlab maktab o‘quvchilarining odatiy yo‘li bo‘lgani aytiladi.

Kecha, 8 fevral kuni, Anhor.uz nashri jabrlangan qiz ota-onasining Saida Mirziyoyevaga yo‘llagan murojaatini e'lon qildi. Ota-ona chuqur komada bo‘lgan bolaning hayotini saqlab qolishda yordam so‘ragan.

8 fevral kuni Saida Mirziyoyeva jarohat olgan qizning ota-onasi bilan uchrashdi va jonlantirish bo‘limida bolaning hayoti uchun kurash olib borilayotgan kasalxonaga tashrif buyurdi. Shifokorlar qizni qutqarib qolish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda, ammo u hamon o‘ta og‘ir ahvolda.

«Hamza» va «Toshkent yuk» stansiyalari o‘rtasida, shahar chekkasida joylashgan ushbu temir yo‘l kesishmasida 57ta vagonli yuk poyezdining o‘tishi odatiy holat ekani aytiladi. IIV Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi xodimlari maktab o‘quvchilari bilan profilaktik, tushuntirish suhbatlari o‘tkazmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi suhbat 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, ammo guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘tish joyida hech qanday to‘siqlar yoki svetoforlar o‘rnatilmagan, u xuddi oddiy tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyi kabi bo‘lgan.

Nashrning qayd etishicha, bolalarning yo‘llardagi xavfsizligi mavzusi uzoq vaqtdan buyon diqqatni jalb qilib kelmoqda, uni o‘rganish, eng muhimi, samarali choralar ko‘rish lozim, aks holda har bir piyodalar o‘tish joyida mas'uliyatsizlik va beparvolik qurbonlariga yodgorlik o‘rnatish kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid