Jahon | 19:56 / 11.02.2021
129304
5 daqiqa o‘qiladi

Dog‘istonlik ota bolasini ko‘myapman deb o‘ylab, kafanning ichida qo‘g‘irchoq borligini bilib qoldi

Dog‘istonlik Daudga egizak farzandli bo‘lganini xabar qilishdi. Bir emas, ikkita o‘g‘illi bo‘lgan ota xursand bo‘lib ularni ko‘rgani shoshildi. Biroq ko‘p o‘tmay bolalar nobud bo‘lganini aytishdi. Yigit farzandlarini ko‘mayotganda kafanni ochib, bolaning yuzini qibla tomonga qaratmoqchi bo‘ladi. Qarasaki, kafanning ichida bolaning jasadi emas, oddiy qo‘g‘irchoq turibdi. Bu voqeaning asosida ishonish qiyin bo‘lgan aldov turibdi...

Rossiyada juda keng muhokama bo‘layotgan bu voqea mana bunday boshlangan. Politsiyaga Daud Daudovning onasi murojaat qiladi. Uning aytishicha, ayolning 31 yoshli kelini Laura Tamadayevani tug‘ganidan keyin reanimatsiyaga olib borishadi. Ayol to‘rt kun davomida jonlantirish bo‘limida bo‘ladi. Egizaklarni onasiga emizishga olib kelishadi va salomatligi borasida muammo bo‘lmaydi.

«Biz Surgutda yashaymiz. Nabiralarimiz tug‘ilganini aytishgach, 11 fevral kuni uchish uchun chipta oldik. Laura to‘rt kun jonlantirish bo‘limida yotgani va o‘zini yomon his qilayotganini aytdi. Keyin esa menga telefon qilib, bolalar 8 fevral kuni o‘lganini aytishdi. Bir kun o‘tib! Qanday qilib ikki bola birdaniga o‘lib qolishi mumkin? Biz nima bo‘lganini tushunmay yo‘lga chiqdik. Odatlarimizga ko‘ra bolalarni Dog‘istonga ko‘mishga qaror qildik. Bu bolalar tug‘ilgan Stavropoldan 700 km uzoqda. Bolalarga ism qo‘ydik, odatimiz shunaqa. Bolalarning yuzini ko‘rmoqchi bo‘ldim, kasalxonaga borganda Lauraning aytishicha, egizaklarni yuvishgan, domla o‘qigan va ochish mumkin emas, deb aytdi.

Kelinimga 4 kun davomida bolalarni emizishga olib kelishgan, bolalar go‘yoki o‘lgan kuni ular onasi bilan bo‘lgan, emgan, yig‘lagan. Lauraga bolalar o‘lgani haqida hech qanday hujjat berishmagan. Ikkita mulla kelib, bolalar farishtaga aylandi, deb tinchitishga uringan.

Odatimizga ko‘ra, odam ko‘milgach, yuzini qiblaga qaratib qo‘yamiz. O‘g‘lim kafanni ochib qarasa, ichida jasad emas, qo‘g‘irchoq turibdi. Oddiy qo‘g‘irchoq. Bolalar tirik ekan, demak, ularni almashtirib qo‘yishgan yoki nimadir qilishgan», degan Daud Daudovning onasi.

Bu voqea shunchalik shov-shuvlarga sabab bo‘ldiki, Stavropol gubernatori Vladimir Vladimirov munosabat bildirishga majbur bo‘ldi. U vaziyatni o‘z nazoratiga olganini ma'lum qildi. Gubernator holat bo‘yicha barcha organlarni oyoqqa turg‘izgan, sog‘liqni saqlash boshqarmasiga topshiriq bergan.

Ko‘p o‘tmay Stavropol sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat bo‘yicha munosabat bildirdi. Munosabatda aytilishicha, Stavropolda ikkita perinatal markaz bor va ularning hech birida bolalar o‘limi bilan bog‘liq holat kuzatilmagan. Har ehtimolga qarshi Stavropoldagi barcha tibbiyot birlashmalari tekshirilgan va hech qayerda bolalar o‘limi bilan bog‘liq holat qayd etilmagani aniqlangan.

Internetda tarqalgan videolarda holat Stavropoldagi 1 raqamli perinatal markazda sodir bo‘lgani aytilgani sabab ushbu tibbiyot birlashmasidagi 190 ta nazorat kamerasi yozib olgan kadrlar tekshirib chiqilgan. Kuzatuv kameralarida ham qandaydir noodatiy holat aniqlanmagan.

Holat borasida Stavropol o‘lkasi gubernatori Vladimir Vladimirov ham munosabat bildirdi: «Bizning perinatal markazda murakkab holatdagi homilador ayollar yotadi. U yerda anchadan buyon chaqaloqlarning o‘limi borasida holat qayd etilmagan. Egizaklar o‘limi holati esa adashmasam umuman qayd etilmagan. O‘lim holati qayd etilsa ham, jasad oila a'zolarga berilishidan avval kerakli tekshiruvlar o‘tkaziladi», deb yozgan gubernator Instagram sahifasida.

Surishtiruv natijasida aslida nima bo‘lgani aniq bo‘ldi. Gap shundaki, ayol 9 oy davomida homilador ekaniga erini ishontirgan, lekin ,aslida, homilador bo‘lmagan. Ayolning gavdasi katta bo‘lgani uchun bunday yolg‘onga eri va qarindoshlarini ishontira olgan. Ayol eri farzandli bo‘lishni xohlagani uchun shu ishni qilganini aytgan. U eri ketib qolishidan qo‘rqqan. Ayni damda ayol tergov bermoqda va ruhiy holati bo‘yicha ekspertizadan o‘tishi kerakligi aytilmoqda.

Bu shov-shuv tarqalgach, shifokorlar ayolni topib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan. Ma'lum bo‘lishicha, ayol hech qachon homilador bo‘lmagan. U homilador bo‘lmasa, kasalxonaga qanday borgan, jasad deb qo‘g‘irchoqni berib yuborgan odamlar bilan qanday kelishgan – aniq emas. Bularning barchasi borasida surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Holat Stavropolda bo‘lganiga qaramay, surishtiruvlarda Dog‘iston militsiyasi ham qatnashayotgani ma'lum.

Mavzuga oid