Jahon | 14:43 / 13.02.2021
3796
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada yolg‘iz yashovchi insonlar ishlari bo‘yicha vazir tayinlandi

Qayd etilishicha, Yaponiyada pandemiya va izolyatsiya sababli yolg‘iz insonlar muammosi keskin tus olgan.

Foto: AP

Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha vazir Tetsusi Sakamotoni yolg‘iz yashovchi insonlar muammolari bilan ham shug‘ullanadigan vazir etib tayinladi.

Vazirlar mahkamasi kotibi Katsunobu Katoning so‘zlariga ko‘ra, yangi lavozim tug‘ilish kamligi sababli aholi qarishi natijasida kuchayib borayotgan ijtimoiy muammolar bilan bog‘liq.

Vazir shuningdek, ayollar va yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish muammosi bilan ham shug‘ullanadi. Katoning qo‘shimcha qilishicha, Yaponiyada pandemiya va izolyatsiya sababli yolg‘iz insonlar muammosi keskin tus olgan.

Xabar qilinishicha, Sakamoto o‘z joniga qasd qilishning oldini olish, keksalar va kambag‘al oilalar farzandlariga g‘amxo‘rlik qiladigan hukumat tashkilotlari faoliyatini nazorat qiladi.

Yaponiyada 2020 yilda o‘z joniga qasd qilishlar soni 11 yil ichida ilk marta oshdi. Yaponiya politsiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 3,7 foizga oshdi va 20919taga yetdi. Ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishlar soni 14,5 foizga oshib, so‘nggi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan (6976ta holat).

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid