01:01 / 16.02.2021
5662

O‘zbekiston va Qozog‘iston «Turkiston – Chimkent – Toshkent» tezyurar temir yo‘l loyihasini muhokama qilmoqda

Qozog‘iston shaharlaridan Samarqand va Urganchga muntazam aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yish, epidemiologik vaziyatga qarab temir yo‘l qatnovlarini tiklash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Foto: Transport vazirligi

15 fevral kuni Transport vazirligida Qozog‘iston sanoat va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya vakillarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

«Turkiston – Chimkent – Toshkent» tezyurar temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, «Maqtaaral – Darbaza» yangi temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Qozog‘iston sanoat va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Berik Kamaliyev hamda O‘zbekiston transport vaziri v.b. Ilhom Mahkamov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, yangi parvozlar yo‘nalishlarini ochish, xususan, Qozog‘iston shaharlaridan Samarqand va Urganch shaharlariga muntazam aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tomonlar epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda temir yo‘l qatnovlarini qayta tiklash masalasini muhokama etishdi.

Top