AQSh janubida qor bo‘roni: 20dan ortiq kishi halok bo‘lgan, millionlab kishilar elektrsiz qolgan
AQShning janubiy shtatlariga yopirilgan qor bo‘ronlari va qattiq sovuq kamida 21 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi va millionlab kishilarni elektr energiyasi ta'minotisiz qoldirdi. Ob-havoning keskin o‘zgarishi ayniqsa Texasga jiddiy zarba berdi, bu yerda energotizim iste'mol ko‘lami ko‘tarilishiga dosh berolmadi.
AQSh janubi uchun noodatiy bo‘lgan ob-havo sharoiti tufayli Texas, Luiziana, Kentukki, Shimoliy Karolina va Missurida odamlar halok bo‘lishmoqda.
Amerikalik meteorologlarning ma'lumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni kechqurun Texasda qor bo‘ronlari tina boshlagan. Ammo ekstremal ob-havo sharoiti haqidagi ogohlantirishlar 100 million kishidan ortiq aholi yashaydigan hudud uchun taalluqliligicha qolmoqda.
AQSh janubida rekord darajadagi sovuq havo yana bir necha kun davom etishi kutilmoqda. Hozirda Amerika hududining 71 foizini qalin qor qoplagan.
Qor bo‘ronlari Meksikaning shimoliy va markaziy qismlariga ham zarba bergan - bu mintaqada ham millionlab kishilar elektr ta'minotidagi uzilishlardan aziyat chekmoqda.
«Men Hyustonda, Texasdaman. Sovuq shunchaki o‘limvor, men muzlab qoldim. Elektr o‘chgan, issiqlik ta'minoti yo‘q, suv yo‘q. Mening yosh bolalarim bor. Bu qanday ro‘y berdi?» deya yozgan mahalliy aholi vakillaridan biri Kris Prins tvitterdagi sahifasida.
Tvitterning yana bir foydalanuvchisi Josh Morgerman uning Texasdagi do‘sti isinish uchun «kaminga mebellarni qalagani» haqida yozgan.
Texas shtatidagi elektr tarmoqlarni boshqaruvchi kompaniya rahbarlaridan biri CNN uchun bergan intervyusida payshanba kuni elektr yonishini aytgan. Dan Vudfinning so‘zlariga ko‘ra, elektr toki yonishi - ehtimolli variantlar orasida eng yaxshisi. «Prognozlarimizga ko‘ra, quvvat yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shunday ekan, bugunning o‘zida yoki ertaga tonggacha hammanikida tok yonishini kutmaslik kerak», degan Vudfin.
Olimlar noodatiy ob-havo o‘zgarishlari, jumladan, bo‘ronlar, toshqinlar va qurg‘oqchiliklarni global iqlim isishi bilan bog‘lashmoqda.
Odamlar nimadan o‘lmoqda?
Qor bo‘ronlari vaqtida halok bo‘lgan amerikaliklarning ko‘pchiligining o‘limiga tabiiy ofat bilan bog‘liq baxsiz hodisalar sabab bo‘lgan. Jumladan, odamlar avtomobil avariyalari qurboni bo‘lishmoqda, isinish uchun qo‘llangan mashina va elektr isitkichlardan chiqqan gazlardan zaharlanishmoqda.
«Bu sog‘liqni saqlash sohasi nuqtayi nazaridan falokat. Qattiq sovuq tushgan mahallarda is gazidan zaharlanish holatlari uchrab turardi, ammo bunday miqyosda hech qachon ro‘y bermagandi», degan Hyustondagi shifokorlardan biri. Texasdagi tumanlardan birida gazlardan zaharlanish bilan bog‘liq 300dan ortiq holat qayd etilgan.
Shimoliy Karolinada esa qor bo‘ronlari tornado keltirib chiqargan, natijada uch kishi halok bo‘lgan, o‘n kishi jarohatlangan.
Noqulay ob-havo tufayli bir necha kun davomida Covid-19'ga qarshi emlash markazlari yopiq turdi, bir necha shtatlarda emlash uchun dorilarni yetkazib berishda uzilishlar kuzatildi. Elektr o‘chishi tufayli markazlarda muzlatkichlar ishlamadi, shu tufayli shifokorlar vaksinalar yaroqsiz holga kelib qolmasligi uchun emlash ishlarini imkon qadar tezroq amalga oshirishlariga to‘g‘ri keldi.
Texasda qanchalar sovuq?
Texasda so‘nggi 30 yillikdagi eng sovuq kunlar kuzatilmoqda. Yakshanba kuni shtatning ayrim hududlarida harorat -18 darajagacha tushdi. AQSh prezidenti Jo Bayden Texasda favqulodda holat joriy etilganini e'lon qildi. Shtatning uch milliondan ortiq aholisi hamon elektrsiz yashamoqda.
Texas gubernatori Greg Ebbott 21 fevralga qadar shtatdan tabiiy gaz eksportini taqiqlagan va elektroenergiya bilan bog‘liq vaziyatni toqat qilib bo‘lmaydigan holat deb baholagan. U bunday vaziyat kelib chiqishiga sabab bo‘lgan barcha xatoliklarni aniqlash uchun mahalliy energotarmoqlarga javobgar bo‘lgan kompaniyani tekshirishga chaqirgan.
Ebbott kompaniyani isloh qilish zarurligi, shuningdek, uning rahbarlari iste'foga chiqishi kerakligini aytib o‘tgan. «Bu butkul sharmandalik. Ular o‘zlariga ishonib bo‘lmasligini ko‘rsatib qo‘yishdi», degan gubernator ABC telekanaliga bergan intervyusida.
Texas aholisi odatda qish iliq kechishi tufayli uyiga teploizolyatsiya (issiqlik yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun pechni issiqlik o‘tkazmaydigan material bilan qoplash) o‘rnatmaydi. Issiqlik ta'minoti uzilgach, uylardagi harorat keskin tushib ketdi. Ayrimlar trubalarni odeyallar bilan o‘ragan bo‘lsa-da, ko‘p holatlarda suv quvurlari muzladi va trubalar yorildi.
Texasda yashovchi 7 million kishiga suv quvurlaridan keladigan ichimlik suvini qaynatmay iste'mol qilish taqiqlangan. Rasmiylar ma'lumotiga ko‘ra, 260 mingdan ortiq kishi ichimlik suvi muammosiga duch kelgan.
Hyuston meri Silvestr Terner elektr yo‘q bo‘lsa, suv qaynatishning boshqa imkoni topilmasa, do‘kondan idishlardagi suvlarni sotib olishni tavsiya qilgan, u krandan tushayotgan suv xavfsiz emasligini ta'kidlagan. U shuningdek, trubalar muzlamasligi uchun kranlarni ochiq qoldirayotgan odamlarni tanqid qilgan va resurslarni tejashga chaqirgan.
Texasdagi Fort-Uert shahrida yashovchi Chak Harrison BBC jurnalistiga uning uyida ikki kundan buyon elektr yo‘qligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u va oila a'zolari kamin atrofida uxlashga majbur bo‘lgan. «Uyda bo‘lgan barcha ko‘rpalar va yostiqlardan foydalandik», degan u.
U mahalliy mehmonxonalardan xona olmoqchi bo‘lgan, ammo mehmonxonalarda barcha joylar band bo‘lgan yoki u yerlarda ham elektr uzilgan.
Bundan tashqari, yo‘llar muzlagani tufayli ko‘plab yo‘l-transport hodisalari ro‘y bermoqda, shu tufayli mahalliy aholiga sayohatlarga chiqmay turish tavsiya etilmoqda.
Mavzuga oid
21:09 / 19.09.2024
AQShdagi kimyo zavodida yuz bergan yong‘inni to‘rt kundan beri o‘chirib bo‘lmayapti
22:11 / 20.03.2024
Texas shtati noqonuniy migrantlarni hibsga olish va qamash huquqi uchun kurashmoqda
22:58 / 24.02.2024
«Bayden inqirozi» bilan kurashish uchun. Texas Meksika bilan chegarada harbiy baza quradi
15:01 / 02.02.2024