17:43 / 18.02.2021
9239

AQShda anomal sovuqda hukumatdan yordam so‘ragan aholini “dangasalar” deb atagan shahar meri iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi

Qor bo‘ronidan so‘ng elektr va suv ta'minotisiz qolgan Kolorado-Siti shahri aholisining yordam so‘rab qilgan murojaatiga merning munosabati aholining keskin noroziliklariga sabab bo‘ldi.

Foto: Reuters

Kolorado-Siti shahri meri (Texas shtati) Tim Boyd aholiga anomal sovuq oqibatlariga qarshi o‘zlari kurashishlari va hokimiyat yordamiga umid qilmasliklarini tavsiya qilganidan so‘ng iste'foga chiqdi. Bu haqda NBC telekompaniyasi xabar berdi.

"Siz yoki oilangizdan hech kimning hech qanday qarzi yo‘q, sizlarni bunday og‘ir paytda qo‘llab-quvvatlash mahalliy hokimiyatning majburiyatiga kirmaydi!" – deb yozgan Boyd Facebook sahifasida. U shuningdek, sovuq havodan shikoyat qilganlarni birovlarning yordamiga o‘rganib qolgan dangasalar deb atagan. Keyinroq bu so‘zlar ijtimoiy tarmoqdan o‘chirib tashlangan. 

Qor bo‘ronidan so‘ng elektr va suv ta'minotisiz qolgan Kolorado-Siti shahri aholisining yordam so‘rab qilgan murojaatiga merning bunday munosabati aholining keskin noroziliklarini keltirib chiqardi. Natijada u iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi, dedi shahar boshqaruvchisi Devid Guver.  

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, qor bo‘roni oqibatida Texasning 3,2 millionga yaqin aholisi elektrsiz, ularning 260 ming nafardan ortig‘i suvsiz qolgan. Shtatning katta qismida anomal sovuq havo saqlanib turibdi.

Chorshanba kuni noqulay ob-havo sharoiti sababli 2,3 mingga yaqin ichki va xalqaro aviareyslar bekor qilingan.

Mahalliy telekanallarning xabar berishicha, elektr ta'minotisiz qolgan odamlar mashinalarida isinishga urinmoqda. Do‘konlarning bir qismi elektr yo‘qligi uchun ishlamayapti. Federal hukumat qor bo‘ronlari va sovuq havodan aziyat chekayotgan shtatlarga yordam berish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda, deb ma'lum qilgan AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris.

Top