Mantiq degan soha bor. U inson ongining bir jabhasi bo‘lib, harakatlarni to‘g‘ri qilishga, ya'ni inson harakatlari o‘sha insonga zarar emas, foyda keltirishiga xizmat qiladi.

Masalan, odamga o‘zi o‘tirgan daraxt shoxini arralash – pirovardida «noqulaylik» keltirishini aynan oddiy mantiq anglatadi. Tabiiyki, «mantiq apparati» buzilsa, kishi «o‘zi o‘tirgan shoxni arralash»ga moyil bo‘lib qoladi.

Muammolarni oshkor qilish – shahar/tuman/viloyatni butun respublikaga, millat va davlatni esa dunyoga sharmanda qilish degan «mantiqsiz g‘oya», kayfiyat odamlarda endigina paydo bo‘lib qolgani yo‘q – so‘z erkinligini bo‘g‘ish boshlangan paytda mafkuraning bir qismi o‘laroq shakllana boshlangan. Hozirgi kunga kelib, so‘z erkinligiga yo‘l berilayotgan davrda – bu ikkisi har qadamda to‘qnashib qolmoqda: bir tomon yechim topilishini istab muammolarni ochishga urinayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdagilar birinchi tarafni millat, davlat sha'niga putur yetkazishda ayblab, nafrat bilan qarashmoqda.

Oddiy mantiqqa murojaat qiladigan bo‘lsak, millat, davlat sha'niga aynan muammolarning ko‘pligi salbiy ta'sir etadi. Zero, aynan yechilmagan muammolar yig‘ilib-yig‘ilib, noxush manzara hosil qiladi va mamlakatni sharmanda qiladi. Ta'bir joiz bo‘lsa, o‘nta muammoni yashirolsangiz ham, bu yoqda hal qilinmagan muammolar «mana men» deb turadi va bu bilan umumiy manzarani baribir ko‘rsatib qo‘yadi, u yoqda o‘nta muammo yashirilishi esa baribir ob-havoni o‘zgartirolmaydi.

Zotan, dunyo hamjamiyati oldida obro‘ qozonish uchun o‘nta muammoni yashirish emas, yuzta muammoni baralla e'tirof etish va hal qilish darkor. Obro‘-sha'nimiz umumiy manzaramiz bilan bog‘liq bo‘lib, uni esa ko‘plab omillar majmuasi ko‘rsatadi. Dunyo hamjamiyati shu majmuaga (ko‘rsatkichlarga) qarab holatimizga baho beradi. Muammolarni yashirishga urinish esa obro‘yimizni yanada tushiradi, ko‘tarmaydi.

«O‘zbekmisan?!»

Shu yerda aytish kerakki, muammolarni oshkor qilishga qarshi bo‘lgan toifa negadir muammolarni oshkor qilayotganlarga qarab «o‘zbekmisan?!» degan tahdid aralash savol berishi holatlari uchrab turadi...

Xususan, Kun.uz muxbirlari ham ish davomida bir necha bor shunday reaksiyaga duch kelishgan. Muammolarni ko‘tarishga kelganlarni bunday qarshi olganlar bu bilan «o‘zbek bo‘la turib, nega muammolarimizni oshkor qilyapsan, o‘zbek o‘z mamlakatidagi muammolarni oshkor qilmasligi kerak yo sen o‘zbekmasmisan?» demoqchi bo‘ladi.