O‘zbekiston | 20:47 / 23.02.2021
70443
3 daqiqa o‘qiladi

Prezidentdan maqtov eshitgan prokuror Namangan shahriga ishga o‘tkazildi

Namangan shahri prokurori Bahromjon Yo‘ldoshev lavozimini tark etdi. Kun.uz manbasi xabar berishicha, Namangan viloyati Chust tumani prokurori vazifasida ishlab kelayotgan Xurshid Tolibovich Odilov Namangan shahar prokurori, 2-sektor rahbari lavozimiga tayinlandi.

Xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida deputatlarga yangi prokuror tanishtirildi. 

Xurshid Odilov / Namangan viloyati hokimligi

Xurshid Odilov 1981 yili Andijon viloyatida tug‘ilgan. 2004 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. 

2004–2018 yillarda Paxtaobod va Asaka tumanlari prokuraturasida, Andijon viloyat prokuraturasida faoliyat yuritgan, Ulug‘nor tumani prokurori bo‘lgan. 

U 2018 yildan hozirga qadar Namangan viloyatining Chust tumani prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida 19 fevral kuni Namangan shahrining «Bunyodkor» mahallasida xarob ahvolda yotgan tayanch punkti binosi uchun shahar sektor rahbarlari - shahar hokimi Olimjon Isayev va shahar prokurori Bahromjon Yo‘ldoshevga tanbeh bergandi.

«Bu nima ahvol? Ishchi joy, investitsiya, balandparvoz gaplar bilan hisobot berasizlar. Musorni olib tashlab, bu yerni oqlasa bo‘ladimi? Bu yerni tartibga keltirishga vakolatingiz borku. Shu yerda to‘rt yil prokuror bo‘lib ishlading. Nimaga qilmaysan? Mayli, mahalla raisining dunyoqarashini keyin muhokama qilamiz. Odamlar bilan qanday uchrashyapsan? Janob prokuror, polkovniksan og‘ayni. Ikkoving ham noinsofsan, sen va hokim…», degandi prezident.

Xurshid Odilov esa prezidentning viloyatga tashrifi davomida undan maqtov eshitgandi.

«Chust prokurori meni tushunyapti, mening tilimda gapiryapti. Shunday xodimlar borligidan xursandman», degandi Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi davomida.

Bundan oldinroq Namangan shahri hokimi Olimjon Isayev ishdan olinib, uning o‘rnini Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari G‘ofir Jamolov egallagani xabar qilingandi.

19 fevral kuni Namangandagi yig‘ilishda Uychi tumani to‘rtligi - xususan, tuman hokimi Muhammadayubxo‘ja Apaqov ishdan ketgandi. 23 fevral kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov Uychi tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. 

Mavzuga oid