O‘zbekiston | 12:30 / 19.02.2021
44951
2 daqiqa o‘qiladi

Uychi tumani to‘rtligi ishdan ketdi

Namangan shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi davomida Namangan viloyati Uychi tumani «to‘rtligi» ishdan olindi.

Sessiyada ishtirok etayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, tuman iqtisodiy ko‘rsatkichlari yaxshilanmagani, topishiriqlarni bajarmagani uchun Uychi tumanining to‘rtta sektor rahbari - tumanga 2018 yil avgustidan buyon hokimlik qilib kelayotgan Muhammadayubxo‘ja Apaqov, shuningdek, tuman prokurori Ulug‘bek Nomanov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Avazbek Xo‘jaxonov va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Adhamjon Mahmudovni ishdan olishga ko‘rsatma berdi.

Prezident Uychi tumanidagi vaziyatni «respublika va Namangandagi» eng og‘iri deb atagan. Tumanga yosh mutaxassislarni rahbar qilib tayinlash vazifasi berilgan.

«Ularning o‘rniga ish beradigan g‘ayratli, yosh kadrlarni qo‘yasan», deya viloyat hokimiga topshiriq bergan Shavkat Mirziyoyev.

Lavozimidan ozod qilingan mutasaddilarning ish faoliyati taftish qilinib, javobgarlikka tortilishi masalasi ko‘rib chiqilishi ham aytib o‘tilgan.

Sessiya davomida davlat rahbari tomonidan Chust tumani 4ta sektor rahbarlariga Chust tajribasi sifatida ish tashkil etish topshirig‘i berildi. Sektor rahbarlari 6 oydan keyin hisobot berishi aytib o‘tildi. 4ta sektor rahbari 6 oy mobaynida o‘zgarish qilishga va'da berdi. 

  • Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Quva tumani va Farg‘ona shahrida ham to‘rtta sektor rahbarlari ishdan olingandi.

Mavzuga oid