14:53 / 24.02.2021
8607

O‘zbekiston Airbus kompaniyasidan vertolyotlar sotib olishni rejalashtirmoqda

Airbus vakillari bilan uchrashuvda Airbus Helicopters kompaniyasidan vertolyotlar sotib olish, ular orqali qatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali Markaziy Osiyo mintaqasi bozorida yetakchi ishtirokchiga aylanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

23 fevral kuni Transport vazirligida Airbus International kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasur Choriyev hamda Airbus International kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse prezidenti Jak Garrig o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda, fransuz kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarining hozirgi holati va kelajakdagi rejalar muhokama etildi.

Xususan, Airbus Helicopters kompaniyasidan vertolyotlar sotib olish, ushbu transport turida qatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali mazkur yo‘nalishda Markaziy Osiyo mintaqasi bozorida yetakchi ishtirokchiga aylanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Ushbu yo‘nalishni rivojlantirishda xorijiy davlatlarning vertolyotlar ekspluatatsiyasi va uchuvchilar uchun treninglar o‘tkazish bo‘yicha tajribalarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Airbus International kompaniyasi vakillari aeroportlarni boshqarish sohasida ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Uchrashuv davomida fransuz tomoni joriy yilning may oyida Fransiya savdo vazirining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotganini ma'lum qildi.

Top