00:30 / 24.02.2021
10669

O‘zbekistonda Yaponiya va Turkiya bilan imzolangan bir necha milliard dollarlik loyihalar ijrosi kechikayotgani aytildi

Respublikada Yaponiya bilan imzolangan salkam 2,6 milliard dollarlik 19 ta kelishuv, Turkiya bilan hamkorlikdagi qiymati 107 million dollarga teng 12 ta loyiha kechikib bajarilmoqda.

Foto: Senat.uz

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov O‘zbekistonning Turkiya va Yaponiya bilan 2019-2020 yillar uchun imzolangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaga oid loyihalari ijrosi to‘g‘risida axborot berdi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Senat ishchi guruhi o‘rganishlari natijasida mazkur kelishuvlar bajarilishida bir qancha kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, o‘nlab loyihalar amalga oshishi kechikayotgani aniqlangan.

Yaponiya

«Mamlakatimizning muhim hamkori Yaponiya davlati bilan imzolangan, «yo‘l xaritasi»ga kiritilgan salkam 4,4 milliard AQSh dollari miqdoridagi 40 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Shundan salkam 2,6 milliard dollarlik 19 ta kelishuv kechikib bajarilmoqda. Bunda eng katta oqsash Energetika va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklarida kuzatilmoqda.

Energetika vazirligiga tegishli umumiy qiymati 1,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan «Navoiy» IESda quvvati 650 MVtga teng uchinchi bug‘-gaz qurilmasini o‘rnatish» va «Energetika sektori salohiyatini rivojlantirish (2-bosqich)» loyihalari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmayotgani aniqlandi.

Bundan tashqari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mas'ul bo‘lgan «Respublikaning 5 ta shahrida (Buxoro, Nukus, Urganch, Farg‘ona va Quvasoy) kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish» loyihasi ijrosida ham shu holatni kuzatish mumkin. Ushbu loyiha qiymati 784 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Shu bilan birga, Yaponiya bo‘yicha imzolangan investitsiya kelishuvlarida ijrosi umuman to‘xtab qolgan loyihalar ham mavjud. Bular umumiy qiymati 109 million dollarga teng 4 ta loyihadir.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi va O‘zbekiston Milliy bankiga tegishli qator loyihalar shular jumlasidandir», – dedi rais 23 fevral kuni o‘tkazilgan qo‘mita yig‘ilishida.

Turkiya

Ma'lum bo‘lishicha, Turkiya bilan imzolangan umumiy qiymati 608,3 million dollarlik 49 ta loyihadan 107 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 12 ta loyiha ijrosi belgilangan muddatlardan kechikib bajarilayotgani aniqlangan.

«Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi mas'ul etib belgilangan Termiz tumanidagi «Organik Limon» MChJ negizida gidroponika usulidagi limon yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona va Termiz shahrida zamonaviy turar joy kompleksini tashkil etish loyihalari ijrosida kamchiliklar kuzatilmoqda. Ushbu 2ta loyihaning umumiy qiymati 79 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Shuningdek, «yo‘l xaritasi»da belgilangan umumiy qiymati 223 million AQSh dollariga teng 7ta loyiha ijrosi to‘xtatilgan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli.

Vazirlik mas'ul bo‘lgan «Respublikada elektron sog‘liqni saqlash tizimini joriy qilish investitsiya loyihasi» xorijiy hamkorning salohiyati yo‘qligi sababidan amalga oshirish maqsadga muvofiq emas deb topilgan. Loyiha qiymati – 200 million AQSh dollari. Bu mablag‘ «yo‘l xaritasi»ga kiritilgan barcha loyihalar qiymatining uchdan bir qismini tashkil etadi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hokimligi, Davlat geologiya qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan bir qator loyihalar ham amalga oshirilmayapti», – dedi Ravshanbek Alimov.

O‘tgan yili Samarqandda 1,5 trillion so‘mlik 10ta loyihani amalga oshirish muddati kechikayotgani xabar qilingan edi. Unda ham bir necha davlatlar qatorida Turkiya bilan kelishilgan loyihalarni amalga oshirish muddati kechikayotgani aytilgan.

Top