Ular maxsus maktab, litsey yoki gimnaziyada emas, oddiy umumta’lim maktabida tahsil olishgan. Quvonarlisi, ular 40 ming AQSh dollaridan 95 ming dollargacha bir qator xorijiy o‘quv yurtlari grantlari sohibi bo‘lishgan.
Maqsudjon Aminov — 18 yoshda. U Namangan viloyati Chust shahridagi 3- maktabning 11-sinf o‘quvchisi. Maqsudjon maktabda a’lo baholarga o‘qiydi, shu bilan birga, ingliz tili va matematika fanini puxta o‘zlashtirmoqda. U IELTS’ning yetarli ballini to‘plagach, biznes-analitika yo‘nalishida chet el o‘quv yurtlariga kirish uchun 20ta oliy ta’lim muassasasiga hujjat yuboradi. Ayni kunda 5ta universitetning grantini qo‘lga kiritdi va yana 15tasidan natijalarni kutyapti.
«Ingliz tilini o‘rganish uchun, albatta, qo‘shimcha kurslar zarur. Lekin avvalo o‘rganuvchining o‘zida kuchli istak va maqsad bo‘lishi lozim. Bir kunda 4 soat vaqtimni ingliz tilini o‘rganish uchun sarflayman. Ko‘pchilik til o‘rganish uchun 7–8 soat vaqt ajratish kerak deb o‘ylaydi, buni yoqlamayman. Mening shunday shiorim bor: dam olish paytida dam ol, o‘qish paytida o‘qi, ishlash paytida ishla», – deydi Maqsudbek.
Xuddi shu tumandagi 74-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Nodirbek Mahmudov ham tengdoshi kabi xorijdagi nufuzli universitetlarning 20dan ortig‘iga biznes marketing yo‘nalishi bo‘yicha hujjat yuborgan va hozirgi kunda Amerikaning 4ta oliygohidan grant yutib olishga muvaffaq bo‘ldi.
«Maktabdagi ingliz tili darsini «Fly high» darsligidan o‘rganamiz. Bu kitob orqali o‘zlashtirgan ingliz tili darajamiz bilan IELTS’dan 5–5,5 ballni qo‘lga kiritish mumkin, bu ball bilan chet el universitetlari o‘qishga qabul qilmaydi. Shuning uchun ham kurslarga borib, o‘z ustimizda ishlashni boshladik. Ingliz tilini o‘rganishni, avvalo, so‘zlashuvdan boshlashni tavsiya qilaman, shunda qolgan bosqichlar oson kechadi, muhimi, vaqtni to‘g‘ri taqsimlay bilish kerak. Qattiq ishlash shart emas, faqat miyani ishlatish kerak. Chunki ingliz tili — hayotning bosh maqsadi emas», – deydi Nodirbek.
Abrorbek Mamadaliyev esa Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi 82-maktabda tahsil olmoqda. Biznes menejment yo‘nalishida University of Australia universitetiga muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi. U yana 3ta universitetdan sinov natijalarini kutyapti.
«Men bir kunda 6–7 soat vaqtimni ingliz tilini o‘rganishga sarflayman, hozirgi oldimizdagi eng katta vazifa faqat o‘qish. Shuning uchun tinmay harakat qilishimiz lozim. Men kelajakda oldimga shunday maqsad qo‘yganmanki, viloyatimizning har bir tumanida chet tillarini o‘rgatadigan o‘quv markazlarini tashkil etaman va u bu yerda moddiy ta’minoti yaxshi bo‘lmagan oila farzandlari ham bilim olishlari uchun sharoit yarataman», – deydi Abrorbek.













