Ushbu musobaqada Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidan Mohigul Hamdamova ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, Gran-prining oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritgandi.

U disk uloqtirish musobaqasining F57 klassida 32,49 metr natija ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritgan va Osiyo rekordini yangilashga muvaffaq bo‘lgan. Yadro uloqtirish musobaqasida esa kumush medal sohibiga aylangan.

«Shuncha orzu qilib kutgan kunlarim keldi. 35ta o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlaridan keyin musobaqa boshlandi. Stadionga olib kirishdi, qarasam, raqiblarim otishmoqda. Hayajondaman. Yaratgandan nola qilib so‘radim: «Allohim, yuzimni yorug‘ qilgin», deya.

Keyin sektorga olib kirishdi. Birinchi otgan toshim 29,80 natijada chiqdi. Undan keyin 31,37 chiqdi. Orada bittasini hisobga olmadi. Chunki, otish jarayonida stolda qimirlash mumkin emas edi. Men bittasini otishda qimirlab yubordim. Oxirgisini otishda ko‘zlarimni mahkam yumdim. Ko‘z oldimga onam, vatanim, ustozlarim qilgan mehnatlari keldi. So‘nggi uloqtirishimda 32,49 metr natija qayd etilgan ekan. Tabloda 32 sonining o‘zini ko‘rdim. Davomini ko‘ra olmadim. Odamlar to‘sib qolishgan edi. Odamlar «O‘zbekiston, O‘zbekiston» deya baqira boshladi. Ustozlarim ham xursand bo‘lib baqira boshladi. To‘g‘risi, o‘zim ham Osiyo rekordini yangilashni kutmagan edim», deydi sportchi qiz.

Sportchining onasi Xolidaxon Hamdamova suhbatga aralashdi.

«Musobaqa boshlanishini intizorlik bilan kutdim. O‘zimga sig‘masdim. Soat tonggi to‘rtlarga yaqin kuyovim telefon qildi: «Ona, tabriklang, qizingiz oltin medalni qo‘lga kiritdi», dedi. O‘zimga sig‘may ketdim. Shu vaqt akasi kelib qoldi. O‘g‘limni mahkam quchoqlab, yig‘lab yubordim», deydi onaxon ko‘z yoshlarini yashira olmasdan.

Mohigul Hamdamova 1995 yilda Uchko‘prik tumanining «To‘qsonqovun» mahallasida tug‘ilgan. 2011-2015 yillarda Farg‘ona shahar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kollejida o‘qigan. Uni bitirgach, Qo‘qon davlat pedagogika institutining jismoniy madaniyat fakultetiga hujjat topshiradi, ammo kirish imtihonlaridan o‘ta olmaydi.