Ukrainalik sportçi, balandlikka sakraş ustasi Yaroslava Maguçix Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi (World Athletics) talqiniga köra 2024 yilda dunyoning eng yaxşi yengil atletikaçisi böldi. Bu haqda 1 dekabr, yakşanba kuni keçqurun federatsiyaning X ijtimoiy tarmoğidagi sahifasida xabar berildi.
Yakuniy ovoz berişda Maguçix belgiyalik Nafissata Tiamni ortda qoldirdi, u 2024 yilda yettikuraş böyiça Olimpiada çempioniga aylangandi. Ukrainalik sportçi ketma-ket uçinçi yil World Athletics mukofotiga nomzod böldi, biroq bu sovrinni birinçi marta qölga kiritdi.
2024 yilda dunyoning eng yaxşi erkak yengil atletikaçisi tayanib sakraş böyiça şvetsiyalik sportçi, ikki karra Olimpiya çempioni, 6,25 m balandlikdagi Olimpiya rekordi sohibi 25 yoşli Armand Dyuplantis böldi.
Maguçix - balandlikka sakraş böyiça jahon rekordçisi
Oktyabr oyi oxirida 23 yoşli Maguçix 2024 yilda Yevropaning eng yaxşi yengil atletikaçisi deb topildi. European Athletics'ning uşbu mukofoti ukrainalik sportçiga Şimoliy Makedoniya poytaxti Skope şahrida bölib ötgan Golden Tracks marosimida topşirildi.
Bu yil Parijda bölib ötgan yozgi Olimpiadada Yaroslava Maguçix özining birinçi urinişidayoq 2 metr balandlikni zabt etib, öz yönalişi böyiça oltin medal sohibasiga aylandi. Yil boşida u 2,10 metr natija bilan ayollar örtasida balandlikka sakraş böyiça jahon rekordini yangilab, qatorasiga uçinçi bor "Olmos ligasi" finalida ğalaba qozongan edi.
Bu natija bilan ukrainalik sportçi bolgariyalik Stefka Kostadinovaning 37 yillik rekordini 1 santimetrga ortda qoldirdi.

















