16:01 / 05.03.2021
123812

«Ol va ketaver». Amazon Londonda kassa va sotuvchilarsiz ishlaydigan do‘kon ochdi

Internet savdosi giganti Amazon Londonda kassasiz ishlaydigan Amazon Fresh oziq-ovqat do‘konini ochdi. Bu AQSh sarhadlaridan tashqaridagi ilk shunday do‘kondir.

Xaridorlar do‘konga kiraverishda smartfondagi ilovani skan qilishadi, tovarlarni olib savatga solishadi va ularga chiqaverishda avtomat tarzda hisob taqdim qilinadi.

Supermarketda Amazon brendiga tegishli yuzlab turdagi tovarlar, shuningdek, boshqa savdo belgilarining mahsulotlari ham sotiladi. Bu yerda onlayn buyurtma berilgan tovarni olish yoki qaytarib berish mumkin.

Ba'zi ekspertlar bunday tizim bozordagi kuchlar taqsimotini o‘zgartirishiga shubha bilan qarayotgan bo‘lishsa, boshqalari yangi xarid tizimini savdo sohasidagi burilish nuqtasi deb hisoblashmoqda.

«Bunday yo‘nalish Amazon’ga yetkazish va qaytarish xarajatlarini qisqartirishga ko‘mak beradi va xaridorlar bunga munosib baho berishadi», deydi NBK Retail tahlilchisi Natali Berg.

Biroq xaridlarga yangi yondashuv raqobatchilarga xavf tug‘dirishi dargumon: asosiy savdo tarmoqlarining kassasiz va sotuvchisiz ishlash bo‘yicha o‘z ishlanmalari bor.

Umuman olganda, Amazon’ning usuli Marks and Spencer, Tesco yoki Sainsbury's kabi an'anaviy supermarketlardagi kabi har bir tovarni alohida skanlash xaridorlarga biroz malol keladigan tizimdan ko‘ra xaridorlar uchun ancha jozibador ko‘rinadi.

AQSh kompaniyasi o‘z texnologiyalaridan ko‘ngli shu darajada to‘qki, xaridorlarga ular nima sotib olganlarini tizim qanday tanib olishi borasida mutlaqo xavotir olmasliklari kerakligini aytmoqda.

«Rastadan o‘zingizga zarur tovarni olganingizdan keyin do‘kondan chiqib, uyga ketaverishingiz mumkin», deya ishlash prinsipini tushuntiradi Amazon Fresh Stores direktori va Sainsbury's’ning sobiq rahbari Mett Berch.

Bunday texnologiya ilk bor AQShda jamoatchilik uchun 2018 yilda ochilgan shu turdagi Amazon Go do‘konlarida qo‘llab ko‘rilgan. 2021 yilga kelib texnologiya ancha takomillashdi. Ilgari tizim bir jurnal yoki buketni boshqa biridan ajratolmagan bo‘lsa, hozirda buni ajoyib tarzda uddalamoqda.

Bunday darajada tanib olish uchun Amazon sun'iy intellektning chuqur o‘rganishlariga asoslangan yuzlab kamera va datchiklardan foydalanadi. Lekin bu tizim yuzni tanib olish tizimiga mutlaqo aloqador emas.

Buning o‘rniga foydalanuvchilar do‘konga kirayotib Amazon Shopping ilovasidagi hisoblaridagi shtrix-kodni skan qilib o‘zlarini tanishtirishlari lozim. Bu narsa huquqshunoslar xavotiriga sabab bo‘ldi.

«Amazon taklif qilayotgan narsa total kuzatuv ostida xarid qilishdir. Amazon kompaniyasi tomonidan xaridorlarni kuzatish shaxsiy ma'lumotlarning ulkan bazasini yaratadi. Odamlar bu yozuvlar va tahlildan kim va qay tarzda foydalanmoqchi ekanini bilishlari zarur», deya o‘z xavotirini ifoda etgan Big Brother Watch tashkiloti xodimi Silki Karlo.

Bunga javoban kompaniya do‘konlarda yig‘ilgan ma'lumotni mijozning hisobiga bog‘lab qo‘yib, 30 kundan ortiq saqlamasligini hamda maxfiy ma'lumotlardan qanday foydalanilayotgani haqida hisobot berishini ma'lum qilgan.

Amazon yangi biznes mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlaydi: o‘z brendi bilan sotiladigan tovarlar britaniyalik ta'minotchilardan sotib olinadi. Undan tashqari, rastalarda «premium» va «bizning tanlov» kategoriyalaridagi tovarlar, shuningdek, Amazon ilgari hamkorlik qilgan Morrisons va Booths supermarketlarining mahsulotlari ham qo‘yilishi haqida bayonot berildi.

Do‘konda, shuningdek, internet do‘konga berilgan buyurtmalarni ham olib ketish mumkin bo‘lgan kiosk bo‘ladi. Bu yerda kodni shunchaki skanlagan holda xaridni qaytarish mumkin.

«Uni shunchaki shu yerda qoldiring, qolganini o‘zimiz qilamiz», deydi Berch bunday do‘konlar boshqa asosiy savdo ko‘chalari, jumladan, Londonning markaziy ko‘chalarida ham paydo bo‘lishi haqida gapira turib.

Hozircha Londonning Iling mavzesida ochilgan yagona do‘konning umumiy maydoni oddiy supermarket uchun biroz kichik bo‘lgan 230 kvadrat metrni tashkil qiladi.

Amazon Britaniyaning Whole Foods Market supermarketlar oilasini boshqargani bois, yana bir yirik tarmoqni sotib olib kengayishi haqida mish-mishlar bolalab ketdi.

Biroq kompaniya o‘zining Just Walk Out servisini boshqa shirkatlar do‘konlarida foydalanish uchun ham sotishini ma'lum qildi.

Pirovardida bu hozirgi savdo tarmoqlari bilan raqobatlashishdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi.

Amazon Buyuk Britaniyadagi oziq-ovqat bozorida amalda ta'sir qilmagan bo‘lsa-da, kompaniyaning niyatlari juda katta. Masalan, u premium hisob sohiblari uchun o‘sha kunning o‘zidayoq bepul ovqat yetkazib berishni taklif qilyapti va bu raqobatchilar oldida katta ustunlik bo‘ladi.

O‘tgan bir necha yillar mobaynida an'anaviy supermarketlar o‘z texnologiyalarini takomillashtirib kelgan bo‘lsalarda, pandemiya jarayonni tezlashtirib yubordi va Amazon riteyl nahanglaridan ildamroq harakat qilyapti.

Sainsbury's, masalan, o‘zining mijozlar tovarlarni smartfon bilan skan qilishi mumkin bo‘lgan SmartShop ilovasi bilan faxrlanadi, biroq Amazon taklif qilayotgan tizim xaridorlarni buyurtmani rasmiylashtirish bilan bog‘liq har qanday tana harakatidan ozod qiladi.

G‘isht va betondan qurilgan, ichiga kirib aylanib, mahsulotlarni ekranda ko‘rib emas, ushlab ko‘rib olish Amazon uchun yana bir yo‘nalish. «Ol va ketaver» g‘oyasi juda ham ommalashib ketishi mumkin. Biroq riteylda do‘kon nima taklif qilishidan tashqari, u qayerda joylashgani ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaxshi joylarning aksari esa band qilib bo‘lingan. Hozir Amazon ko‘chaga chiqishi an'anaviy savdo tarmoqlariga xavf tug‘dirmaydi, lekin ular kompaniya qanday qudratga ega ekanini juda yaxshi bilishadi va hoynahoy xaridor uchun kurashishga majbur qilsa kerak.

Mavzuga oid
Top