08:20 / 10.03.2021
3367

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, hujjat bilan quyidagilar belgilandi:

  • Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi;
  • to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasidagi tashkilotlarga Jamg‘armadan mablag‘ ajratish tartibi;
  • Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari smetalarini tuzish tartibi;
  • Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yuzasidan hisob, hisobot va nazorat.

Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari xizmat ko‘rsatuvchi bankda ochilgan tegishli hisobvaraqda jamlanadi.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasini olib chiqishda (har bir kg uchun) quyidagi miqdorlarda undiriladigan yig‘imlarning 75 foizi hajmdagi tushumlar:

  • 1.01.2021 yildan – 0,01 AQSh dollari;
  • 1.01.2022 yildan – 0,05 AQSh dollari;
  • 1.01.2023 yildan – 0,1 AQSh dollari;
  • 1.01.2025 yildan – 0,2 AQSh dollari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmoqlari tashkilotlarida xalqaro standartlarni joriy etish, tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlar talablarini hisobga olgan holda sertifikatlash bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish;
  • soha tashkilotlarining xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etish, milliy brendlarni yaratish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash;
  • ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish, jumladan ularni xorijga o‘qish uchun yuborish;
  • «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uning ijro etuvchi apparati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish,
  • xorijiy vakolatxonalarni saqlash va xorijiy mutaxassislarni jalb etish xarajatlarini kompensatsiya qilish;
  • «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi a'zolari umumiy yig‘ilishi qarori bilan belgilangan hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa maqsadlar.
  • Soha tashkilotlariga Jamg‘armadan mablag‘ ajratish tasdiqlangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

 

Top