Jahon | 21:51 / 12.03.2021
4178
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriyada jinoyatchilar hujumidan keyin 30ga yaqin talaba bedarak yo‘qoldi 

Nigeriya shimolidagi Kaduna shtatida qurollangan jinoyatchilar davlat kolleji yotoqxonasiga hujum qilib, u yerdagi talabalarni o‘g‘irlab ketdi. Oxirgi oylarda Nigeriyada bunday hujumlar tez-tez sodir etilmoqda.  

Shtat xavfsizlik va ichki ishlar vaziri Samuel Aruvanning ma'lum qilishicha, jinoyatchilar hujumidan keyin 30ga yaqin talaba bedarak yo‘qolgan. Shu bilan birga, harbiylar jinoyatchilarga qarshilik ko‘rsatib, 180ga yaqin talabani qutqarib qolishgan. Hozirda hukumat voqea tafsilotlari va yo‘qolgan talabalar soni hamda ular qayerdaligini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

Avvalroq “Bi-bi-si” telekanali guvohlarga tayanib o‘g‘irlab ketilgan talabalar soni 50ga yetishi mumkinligini va ularning barchasi qizlar ekanini ma'lum qilgan. Hukumat taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, kollejga hujum 11 mart kuni kechasi sodir etilgan.

Nigeriyada oxirgi oylarda pul olish maqsadida o‘quvchilarni o‘g‘irlab ketish holatlari tez-tez uchramoqda. Jumladan, 26 fevralda Zamfara shtatining Jangebe shahrida joylashgan qizlar internatidan 279 qiz o‘g‘irlab ketilgandi. Ular muzokaralardan keyin 2 mart kuni ozod etilgan. Bundan avvalroq, 2020 yil 11 dekabrda esa Katsina shtatidagi o‘g‘il bolalar internatidan 344 bola o‘g‘irlab ketilgan. Ular ham voqeadan 6 kun o‘tgach ozod etilgandi. 

Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy o‘tgan hafta bunday hujumlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha maktablar qo‘riqlanishini kuchaytirishni buyurgan. Mamlakatning shimoliy shtatlari gubernatorlari yetarlicha xavfsizlik ta'minlanmagan maktablarni yoptirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid