Jahon | 00:03 / 13.03.2021
11332
2 daqiqa o‘qiladi

Eron yuk kemasi O‘rta yer dengizida hujumga uchradi

Eronning Islamic Republic Container Transportation Company kompaniyasiga qarashli “Shahr-e Kord” yuk kemasi O‘rta yer dengizida hujumga uchradi. Buning oqibatida unga zarar yetgan, deb xabar berdi Mehr axborot agentligi.   

Foto: Wikipedia

Kompaniya vakili Ali Gasyonning ma'lum qilishicha, kema 10 mart kuni Erondan Yevropaga yo‘nalayotganda terrorchilik hujumiga uchragan. “Xavfli obekt” ta'siri oqibatida kemada yong‘in chiqqan, biroq u kema jamoasi tomonidan o‘chirilgan. Voqea oqibatida hech kimga zarar yetmagan. Ta'kidlanishicha, kemaga yetkazilgan zarar baholangach va u ta'mirlangach, yo‘lini davom ettiradi.  

Gasyon Eron hukumati hujum uchun javobgarlarni aniqlash uchun xalqaro istansiyalar orqali tegishli harakatlarni amalga oshirishini qo‘shimcha qilgan. 

Avvalroq The Wall Street Journal nashri AQSh va Yaqin Sharqdagi manbalariga tayanib, Isroil 2019 yil oxiridan buyon Eronning Suriyaga qurol yoki neft yetkazuvchi 10taga yaqin tankeriga hujum qilganini ma'lum qilgan. Hujumga uchragan kemalardan birortasi cho‘kib ketmagan, biroq ulardan kamida ikkitasi hujumdan keyin Eronga qaytishga majbur bo‘lgan va bu neft yetkazishdagi uzilishlarga olib kelgan. 

Isroil bosh vaziri devonxonasi WSJ jurnalistlariga ushbu hujumlar bo‘yicha izoh olish uchun TsAXALga (Isroil armiyasi) murojaat qilishni tavsiya qilgan, biroq isroillik harbiylar izoh berishdan bosh tortishgan. Eron rasmiy shaxslari ham jurnalistlarga ushbu ma'lumotlar bo‘yicha izoh berishmagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid