Rasul Kusherbayev o‘z Telegram kanalida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni suratga olib DYXHBga jo‘natuvchilar haqida post qoldirdi. Videomurojaat shaklida qilingan post ostida deputat avval «Xususiy radar [o‘rnatib] hamda qoidabuzarlikni rasmga olib, sotib pul ishlayotganlar haqida: ular bugun 10 ming so‘m uchun odamlarni sotsa, ertaga 100 ming so‘m uchun Vatanini ham sotishi mumkin», deya izoh qoldirdi.

Sal o‘tmay izoh «Qoidabuzarlikni rasmga olib pul ishlayotganlar haqida: ular bugun 10 ming so‘m uchun odamlarni sotsa, ertaga 100 ming so‘m uchun Vatanini ham sotishi mumkin», deb o‘zgartirdi.

Yana birozdan so‘ng esa postni o‘chirdi. Lekin videomurojaat virusli videoga aylanib, telegramdagi turli kanallarda aylana boshladi.

O‘zi, qoidabuzarliklarni suratga olib, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga jo‘natish masalasida so‘nggi vaqtlarda jamiyat ikki frontga bo‘lingan edi. Kusherbayevning gapini ma'qullaganlar ham, unga qarshi chiqqanlar va uni populistlikda ayblaganlar ham.

Ha, boshdan-bosh kimlardir bu ishni oqlayapti, yana kimlardir (asosan, haydovchilar) mutlaqo yoqlamayapti. Bu ish musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, degan gaplar ro‘kach qilinmoqda.

Men ham bu borada o‘zimning shaxsiy sub'yektiv fikrlarimni hamda ayrim takliflarimni berishga jazm qildim.

Shu o‘rinda, o‘zim haqimda: 2006 yildan buyon mashina haydayman. Imkon qadar qoida buzmaslikka harakat qilaman. To‘g‘ri, yilda 1-2 marta jarima to‘layman, busiz ilojsiz. Viloyatlarda yuraman, asosan, notanish yo‘llarda tezlikni oshirib, radarga tushaman. Umuman, bilib-bilmay qilgan biror qoidabuzarligim uchun to‘xtatilib, jarimaga tortilsam — hushyor tortaman, o‘sha qoidabuzarlikni hech qachon qayta qilmayman, o‘sha joyda doimo hushyor bo‘laman. O‘ylaymanki, ko‘pchilikda shunday.

Yo‘llardagi raqamlar nimadan so‘zlaydi?

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, karantin joriy etilib, ayrim oylarda respublika bo‘ylab avtomobillar harakati cheklangan 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda qariyb 4300ta YTH sodir bo‘lgan. Unda 3886 nafar odam jarohatlangan, 1293 nafar inson halok bo‘lgan. 2019 yilning uch choragida bu ko‘rsatkich 4804ta YTH, 5058 nafar jarohatlanganlar va 1398 nafar halok bo‘lganlarni tashkil etgandi.