O‘zbekiston | 22:45 / 17.03.2021
10383
5 daqiqa o‘qiladi

«Aeroflot» samolyotiga qo‘yilmagan samarqandliklar masalasida matbuot anjumani chaqirildi, lekin unga «Aeroflot»dan hech kim kelmadi

16 mart kuni Samarqandda 29 nafar yo‘lovchi Moskvaga uchadigan samolyotga qo‘yilmagani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Oldinroq 1 200 AQSh dollariga chipta sotib olib, Rossiyaga ucholmay qolgan fuqarolar shikoyati tasvirlangan video tarqaldi.

«Uzbekistan Airports» AJ holatga munosabatida o‘z tasarrufidagi aeroportlarning birortasiga bilet sotish vakolati berilmagani, pandemiya davrida tashkil qilinayotgan charter qatnovlarini qaysi davlat aviakompaniyasi tashkil etayotgan bo‘lsa, chiptalarni ham ularning o‘zi sotishini ma’lum qilgan. Shuningdek, parvoz qilish uchun talab qilinayotgan hujjatlarni ham ular nazorat qilishi aytilgan.

Bugun, 17 mart kuni Samarqand xalqaro aeroportida mazkur voqea yuzasidan qo‘shimcha bayonot berilishi, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati va «Aeroflot» (Rossiya) aviakompaniyasining mutasaddilari javob qaytarishi rejalashtirilgandi. Bu haqda aeroport ma’muriyatiga asoslanib, viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bir kun oldin jurnalistlarga xabar berdi.

Biroq matbuot anjumanida «Aeroflot» aviakompaniyasi mutasaddilari ishtirok etmadi. Jurnalistlarning bir qator savollariga esa Samarqand xalqaro aeroporti vakillari yetarlicha javob qaytarolmadi. Aeroport vakillari «ijtimoiy tarmoqlarda asossiz xabarlar tarqalgani»ni ta’kidlagan bo‘lsa-da, aynan qaysi ma’lumot yolg‘on ekaniga oydiklik kiritilmadi. Fuqarolarning haqiqatan ham bilet sotib olib ucholmay qolgani esa tan olindi. Ammo bu holat uchun aeroport emas «Aeroflot» aviakompaniyasi javob berishi aytildi.

Aeproport ma’muriyati fuqarolarni uchishdan olib qolish mazkur tashkilot vazifasiga kirmasligi, ular taqdim etgan hujjatlarning ayrimlari qalbaki ekani, ayrim hollarda esa hujjatlar yetarli bo‘lmagani bois «Aeroflot» aviakompaniyasining mutasaddilari tomonidan to‘xtatib qolingani, aeroport ma’muriyati chipta masalalariga ham aralashmasligi ma’lum qilindi.

Aytilgan mutasaddilar ishtirok etmagach, bir qator savollar ochiq qolaverdi: fuqarolarning hujjatlari yetarli bo‘lmasa, nega ularga 1 200 dollarga chipta sotilgan? Endi ularning mablag‘i qaytariladimi? Tegishli savollarga aniq javob qaytarilmay, e’londa aytilgan bo‘lsa-da, «Aeroflot» aviakompaniyasining mutasaddilari kelmagani ma’lum bo‘lgach, jurnalistlar matbout anjumanini tark etishdi.

Mazkur xabar e’lon qilinishi arafasida «Aeroflot» aviakompaniyasi tomonidan ikki kundan so‘ng alohida matbuot anjumani o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda jurnalistlarga viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi vakillari ma’lum qildi.

29 nafar samarqandlik nima sababdan «Aeroflot» samolyotiga qo‘yilmaganiga va’da qilinganidek matbuot anjumanida javob berilmagach, «Aeroflot» saytidagi fuqarolar bilan ishlash bo‘limiga yo‘lovchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdik. Samarqanddan 29 nafar fuqaro hujjatlardagi kamchiliklar sabab samolyotga qo‘yilmagani, biz ham «Aeroflot» xizmatlaridan foydalanmoqchi ekanimiz, yuqoridagi noqulaylikka duch kelmaslik uchun Samarqanddagi mojaro sababini so‘radik. Operator qiz savollarni kerakli odamga yetkazish uchun 1 daqiqa kutib turishimizni aytdi-da, bir necha marta aloqada qolishimizni so‘rab, ancha vaqtdan keyin bu elchixonaga beriladigan savol ekanini ma’lum qildi.

Biroq yaqindagina yangi rahbar tayinlangan Rossiya elchixonasi vakillarini bezovta qilmay turishga qaror qildik, chunki «Aeroflot» ikki kundan keyin matbuot anjumani va’da qildi. Umid qilamiz, ikki kundan keyin Rossiya aviakompaniyasi faqat savollarga javob berish bilan cheklanmay, samolyotga qo‘yilmagan odamlarning muammolarini hal qiladi. Shu o‘rinda O‘zbekistondagi mutasaddilardan faqat «Aeroflot»dagilar biladi», degan javobni takrorlamay, qo‘lidan tortib, samolyotga qo‘yilmaganlar O‘zbekiston fuqarosi ekanini his qilishlarini so‘rab qolamiz.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid

E`lonlar