Iqtisodiyot | 15:03 / 18.03.2021
12211
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Chinozda 3 ming nafar xotin-qizni ish bilan ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chinoz tumanidagi Eshonobod mahallasini borib ko‘rdi.

Bu yerda 3 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida “Obod qishloq” dasturi doirasida uylar, maktablar, yo‘llar va kommunal tarmoqlar ta'mirlanib, zamonaviy madaniyat saroyi barpo etildi.

Davlat rahbari shu yerda mahallaning turli millatga mansub vakillari bilan suhbatlashdi.

«Bugun kelishimdan maqsad - Toshkent viloyatida ham zamonga munosib sharoit yaratish. Viloyatda salkam 3 million aholi bor. 150 ming nafari ishsiz. Shuning uchun har bir mahalladagi «o‘sish nuqtalari»ni topib, shunga javobgarlarni belgilab, kerakli mablag‘larni berib, odamlarni ish bilan ta'minlashimiz kerak. Ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, ta'lim va boshqa sharoitlarni yaxshilash zarur. Bu maqsadlar uchun, yirik va o‘rta loyihalar uchun viloyatga 119 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan», - dedi prezident.

Muloqotda Chinoz tumanidagi o‘zgarishlar, imkoniyatlar haqida ham gapirildi.

«O‘zi Chinoz tumanida ishsiz bo‘lishi kerak emas. Yeri keng, odamlari mehnatkash. Har bir uyda, har bir ko‘chada madaniyat bo‘lishi kerak. Xalqimiz aytganidek, olma pish, og‘zimga tush, degan bilan natija bo‘lmaydi. Birgalikda harakat qilishimiz zarur. O‘zgarishlarni istasak, hammamiz ongli ravishda o‘zgarishimiz kerak», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallada davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, bank filiali, tibbiyot punkti, tikuvchilik korxonasi ham tashkil etilgan.

Davlat rahbari «Qo‘jakent tekstil grup» korxonasidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda ikki smenada 500 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Oxirgi bir yarim oyda 100 ming dollarlik tayyor kiyimlar eksport qilingan. Korxonaning o‘zida tikish-bichishni o‘rgatuvchi 200 o‘rinli o‘quv markazi ham ochilgan.

Mutasaddilarga tadbirkorlarga ko‘maklashib, bino va mablag‘lar ajratib, bunday kichik korxonalarni ko‘paytirish va 3 ming nafar xotin-qizni ish bilan ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezident shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.

 

Mavzuga oid