Nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik o‘rnatilmoqda
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, loyiha bilan nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik o‘rnatilmoqda.
Unga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha (1,7 mln so‘mdan 2,4 mln so‘mgacha), agar takroran sodir etilsa 15 baravargacha (3,6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, loyihada mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, adliya organlari tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilishi va sudga taqdim etilishi nazarda tutilmoqda.
Bildirilishicha, avval bu kabi huquqbuzarlik uchun javobgarlik o‘rnatilmagani sababli, nodavlat notijorat tashkilotlarni majburiy ravishda homiylik va boshqa ishlarga jalb qilish, tadbirlar o‘tkazishga qarshilik qilish, ularga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni olib qo‘yish, shuningdek, qonunchilikni buzgan holda ularga oid hujjatlarni (ma'lumotlarni) talab qilib olish va boshqa ko‘rinishlardagi huquqbuzarliklar sodir etilgan.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishiga yanada qulay imkon yaratib, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi islohotlar samarali amalga oshirilishiga xizmat qilishi aytiladi.
Mavzuga oid
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
07:50 / 09.10.2024
Qasddan badanga yengil shikast yetkazganlik uchun javobgarlik yengillashtirildi
12:29 / 21.09.2024
Tabiblik litsenziyasiga ega bo‘lmagan shaxslar davolash xizmatini ko‘rsatgani uchun javobgarlik joriy qilinmoqda
11:39 / 29.08.2024