O‘zbekiston | 21:09 / 20.03.2021
6640
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘ziga to‘q OAV kimningdir quroliga aylanib qolmaydi» - Allamjonov matbuotga soliq imtiyozlari berish kerakligini aytdi

Bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini barcha soliqlardan muayyan davrga ozod qilish haqida taklif berilgan, ammo hozircha bu borada ijobiy yangilik yo‘q, deb ma'lum qildi Mass-media fondi rahbari.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida OAVni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash zarurligi haqida so‘z yuritdi.

«Bosma ommaviy axborot vositalari va elektron OAVni, ular oyoqqa turib olishi uchun, ma'lum davrgacha barcha soliqlardan ozod qilish haqida taklif berilgan.

Taklif ko‘rib chiqilyapti, lekin bu jarayonda hali xursand bo‘ladigan holat yo‘q. Aslida esa hozir matbuot uchun soliq imtiyozlari juda muhim. Matbuotchilarni boshqalardan ko‘ra ko‘proq xalqparvar deb hisoblayman. Ular o‘z joni, hayotini, tinchligini xatarga qo‘yib, bu sohani tanlagan odamlar – yurt taraqqiyoti uchun kurashayotgan odamlardir.

Bunday odamlarning jamiyatda ko‘p bo‘lishi faqat rivojlanishga olib keladi. Islohotlar amalga oshishiga, muammolar ko‘tarilib, xatolar takrorlanmasligiga sabab bo‘ladi.

Mana, matbuot rivojlanyapti, yomon bo‘lmayapti-ku. Davlat organlari ish tartibini o‘zgartiryapti, hukumat qabul qilayotgan hujjatlari matbuotda ko‘tarilsa, qanday oqibatga olib kelishini o‘ylayapti. Hatto prezident ham matbuot oldida hisobot beryapti.

Matbuot davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik ekan, shu ko‘prik mustahkam bo‘lishi uchun ular moliyaviy imkoniyat jihatdan kuchli bo‘lishi kerak. Shunda bu matbuot yurt uchun kuyib-pishadi. Ya'ni matbuot pulni o‘ylashi kerak emas, chunki pul beraman, matbuotni sotib oladigan degan tashqi kuchlar ko‘p. Undan ko‘ra biz ularni o‘ziga to‘q qilib qo‘ysak, o‘zimiz imkoniyat berib rivojlantirib qo‘ysak, ular chet eldan grantlar, mablag‘lar qidirmaydi.

Chet el granti, chet el mablag‘i nima? Ideologik qurol. O‘ziga to‘q OAV kimningdir quroliga aylanib qolmaydi. OAVlar biznes sifatida o‘ziga to‘q bo‘lsa, dunyoqarashi ham o‘zgaradi, o‘z ustida ishlaydi, xodimlari saviyasini oshiradi, kerakli texnikalarni olib beradi, xorijga o‘qishga jo‘natadi.

IT va boshqa qator sohalarga turli imtiyozlar berilyapti, nega matbuotga berilmayapti, deyiladigan bo‘lsa, men aslida matbuot boshqa sohalardan ko‘ra muhimroq deb hisoblayman. Matbuotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash juda kerak», – ta'kidladi Komil Allamjonov.

Mass-media fondi raisi telekanallarga oid qonunchilik yuzasidan ham taklif kiritilganini aytdi.

«Telekanallar uchun reklamaning maksimal vaqtini sutkalik efirning 10 foizidan 20 foizigacha ko‘tarish va bolalar uchun mo‘ljallangan kontentda reklama berishga ruxsat berish masalalari ko‘rilyapti.

Bolalar uchun mo‘ljallangan kontentda reklama berishning qonun bilan taqiqlangani bu sohaning rivojlanmasligiga olib keladi. Bizda bolalar uchun ertaklar, multfilmlar, ularga bilim beruvchi, tarbiyalovchi ko‘rsatuvlar deyarli yo‘q. Faqat «Bolajon» kanali bor, u ham bo‘lsa davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Qamrovi, ta'siri keng xususiy telekanallar va boshqa resurslarda esa bolalar uchun sifatli kontent kam, chunki bu kontentga reklama berish qonunan mumkin emas.

Shuning uchun ham biz taklif berdik va bu masala hozir Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda», – dedi Allamjonov.

To‘liq intervyu bilan ushbu havolada tanishish mumkin.

Mavzuga oid