Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston konsuli Koreyadagi vatandoshlarni qiziqtirayotgan savollarga javob berdi
Tegu shahridagi sayyor qabulda qatnashgan konsul Haydar Fayziyev va Migratsiya agentligining Kvangjudagi vakolatxonasi rahbari Alisher Sulaymonov doimiy aviaqatnovlar qachon tiklanishi, aviachiptalar narxlari, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish narxi qimmatligi kabi savollarga javob berdi.
O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi 13-14 mart kunlari Tegu shahrida vatandoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri xabar bermoqda.
Uchrashuv Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvangju shahridagi vakolatxonasi hamda yangi tashkil etilgan Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Tadbir savol-javob shaklida bo‘lib o‘tdi.
Doimiy aviaqatnovlar qachon yo‘lga qo‘yiladi, degan savolga O‘zbekistonning Koreyadagi konsuli Haydar Fayziyev quyidagicha javob berdi:
«Karantin joriy qilingan davrda ham O‘zbekiston Respublikasiga aviaqatnovlar butunlay to‘xtatilgani yo‘q. Charter reyslar qo‘yildi, Asiana Airlines va Uzbekistan Airways aviakompaniyalari tomonidan haftasiga 2 marta reyslar amalga oshirilmoqda.

Koreyadan ketishda muammolar yo‘q. Faqatgina Koreya Respublikasi hukumati tomonidan qo‘yilgan talablarga ko‘ra, ma'lum bir viza egalarigina Koreyaga kirib kelmoqda. Biz o‘ylaymizki, Koreyada ham karantin qoidalari yumshatiladigan bo‘lsa, Koreya hukumati ham bizning fuqarolar to‘liq kirib kelishiga ruxsat beradi».
Fuqarolar aviachipta narxlari nima uchun keskin qimmatlashgani haqida ham so‘rashdi.
«Bu savol bizning vakolatimizga kirmaydi. Lekin qisqacha aytib o‘tmoqchiman, agar siz doim chiptalar narxlarini kuzatib borgan bo‘lsangiz, o‘sha charter reyslar qo‘yilgan paytlarda aviakompaniyalar chiptalar narxlarini 490 ming vondan boshlagan edi. Bu narx keyinchalik 590 ming, 690 ming va hokazo bo‘lib ko‘tarildi. Lekin o‘sha davrda zararga ishlash ko‘proq bo‘ldi, reyslarning norentabelligi kelib chiqdi. Shuning uchun real xolatdan kelib chiqib, hozirgi kundagi narxlar belgilandi.

Biz aviaqatnovlar soni va aviakompaniyalar o‘rtasidagi raqobatning ko‘payib borishi bilan tabiiy ravishda narxlar pasayishiga umid qilamiz», – deya javob berdi Haydar Fayziyev.
Elchixona orqali xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish narxi juda balandligi haqida ham savol berildi. Konsulning qayd etishicha, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun to‘lovni elchixona belgilamaydi, uning miqdori yuqori turuvchi vakolatli davlat organlari tomonidan ishlab chiqilib, prezident qarori bilan tasdiqlangan.
«Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini Janubiy Koreyada rasmiylashtirish narxi 18 yoshdan katta fuqarolarimizga 212 ming von (190 dollarga yaqin – tahr.), 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarimizga esa 25 ming von (22 dollar atrofida – tahr.) etib belgilangan.

Bu to‘lovlar sal qimmatligini biz ham tushunamiz. Bu masala bo‘yicha elchixona ham, O‘zbekistondagi mutasaddi tashkilotlar ham tegishli tashkilotlarga o‘z takliflarini kiritgan. Bu masala ancha ijobiy hal yetilishi ehtimoli ko‘proq», – ta'kidladi konsul.
Shu va boshqa savol-javoblar bilan video orqali tanishishingiz mumkin.
Feruza Avazova,
Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri.
Mavzuga oid
12:58 / 19.06.2026
Toshkent AQSh va Eron o‘rtasidagi diplomatik yutuqni yuqori baholadi
13:32 / 14.05.2026
Koreyaga ishga yuborishdagi yirik sxema: Kun.uz bu haqda uch yil oldin bong urgan edi
19:26 / 06.05.2026
Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimiga nisbatan hukmni og‘irlashtirgan sudya o‘lik holda topildi
16:10 / 27.04.2026