20:28 / 22.03.2021
20779

Xitoy Yevropa ittifoqi sanksiyalariga qarshi javob sanksiyalari kiritdi 

Xitoy tashqi ishlar vazirligi Yevropa ittifoqining 30 yildan ko‘proq vaqt ichida Pekinga nisbatan kiritgan ilk sanksiyalariga qarshi javob sanksiyalari kiritdi. Sanksiyalar ostiga Yevropa ittifoqining 10 jismoniy va 4ta yuridik shaxsi tushgan.  

Foto: Artur Widak/NurPhoto via Getty Images

“22 mart kuni Yevropa ittifoqi Sinszyanda inson huquqlari buzilishi vaji ostida Xitoy fuqarolari va tashkilotlariga qarshi bir tomonlama sanksiyalar kiritdi. Yolg‘onga asoslangan ushbu qadam faktlarni rad etib, buzib ko‘rsatadi, Xitoyning ichki ishlariga katta darajada aralashish hisoblanadi, xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning tayanch me'yorlarini yaqqol buzadi hamda Xitoy va Yevropa ittifoqi munosabatlariga putur yetkazadi”, deb aytilgan Xitoy bayonotida.

Ta'kidlanishicha, Pekinning sanksiyalari ostiga Yevroparlamentning besh deputati - Raynxard Butikofer, Mixael Galer, Rafael Glyuksmann, Ilxan Kuchyuk, Miriam Leksman, Niderlandiya, Belgiya va Litva parlamentlari vakillari Syord Syordsma, Samyuel Kogolati va Dovile Shakalene, nemis va shved olimlari Adrian Tsens va Born Yerden, Yevrokengashning siyosat va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi, Yevroparlamentning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, Gerxard Merkator nomidagi xitoyshunoslik instituti (Germaniya) va “Demokratiyalar alyansi” jamg‘armasi (Alliance of Democracies Foundation, Daniya) tushgan.

Yuqorida tilga olingan shaxslarga va ularning oila a'zolariga Xitoyga, jumladan Hongkong va Makaoga kirish, tashkilotlarga esa Xitoyda faoliyat yuritish taqiqlanadi.

Pekinning ta'kidlashicha, agar Yevropa ittifoqi inson huquqlari sohasida ikkilik standartlari siyosatini bas qilmasa, Pekin yangi choralar ko‘radi.

“Xitoy Yevropa ittifoqiga o‘ziga boqib, yo‘l qo‘ygan xatosining jiddiyligini anglashi va uni to‘g‘rilashi lozim. U boshqalarga inson huquqlari haqida ma'ruzalar o‘qishni bas qilib, ularning ichki ishlariga aralashishni to‘xtatishi lozim”, deb aytilgan bayonotda.

Avvalroq YeI kengashi inson huquqlari buzilishiga nisbatan sanksiyalar rejimi doirasida turli davlatlar fuqarolari va tashkilotlariga nisbatan sanksiyalar kiritishga qaror qilgan. Jumladan, sanksiyalar ro‘yxatiga Xitoyning to‘rt nafar jismoniy va bitta yuridik shaxsi kiritilgan. Ularning YeIdagi aktivlari muzlatiladi, Yevroittifoqqa kirishlari taqiqlanadi. Bryussel Xitoyga qarshi sanksiyalarni uyg‘urlarning genotsid qilinishi bilan bog‘lamoqda.

Top