Xorazmda ko‘chmas mulk egalari tomonidan 2 148ta huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan
Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish Xorazm viloyati hududiy inspeksiyasi tomonidan 2020 yil davomida 2 148ta holatda ko‘chmas mulk egalari ko‘p kvartirali uylarni saqlash va undan foydalanishda turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Bu haqda mavzuga bag‘ishlangan matbuot anjumanida xabar berildi.
Jumladan, 620ta mulk egasi uyga tutash hududlarda noqonuniy qurilmalar barpo etgan, 258ta uyning balkonlari o‘zboshimchalik bilan o‘rab olingan, 826ta uyning ichki qismi konstruksiyasi ruxsatsiz o‘zgartirilgan, 444ta uyning fasad qismidan eshiklar noqonuniy ochilgan. Aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha mulkdorlarga majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek, noturar joylar o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilingani, yerto‘lalar noqonuniy ravishda egallab olingani va shu kabi jami 200dan ortiq holat aniqlangan. Huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘chmas mulk egalari majburiy ko‘rsatmalar asosida ogohlantirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, uy-joy fondini saqlash va foydalanish hamda noturar joylarni o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilishga oid yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha hududiy inspeksiyaga kelib tushgan 16ta shikoyatning barchasi o‘z tasdig‘ini topgan. Qayd etilishicha, bu huquqbuzarliklar kelgusida turar joylarning zilzilabardoshligini yo‘qotishiga, ularning tashqi ta'sirlarga chidamsiz bo‘lib qolishiga olib kelishi bilan birga, fuqarolar hayoti, sog‘ligi va moddiy qimmatliklarini xavf ostida qoldirishi mumkin.
Inspeksiya tomonidan aniqlangan noqonuniy qurilmalarni faqat majburiy ko‘rsatma berish yoki sudlar orqali bartaraf etish huquqi berilgan. Ammo sudlarga taqdim etilayotgan materiallarni ko‘rib chiqish muddati oylab cho‘zilgani bois, inspeksiya tomonidan aniqlangan 180ta noqonuniy qurilma hamda noturar joylardagi 100dan ortiq muammolar joyida bartaraf etilmasdan qolmoqda.
Mavzuga oid
18:04 / 18.11.2024
Urganch shahriga 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
13:57 / 29.10.2024
Skuter va samokatdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi
10:50 / 28.10.2024