Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalasiga Adliya vazirligi o‘z faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida e'tibor beradi.

Vazirlik tomonidan olib borilgan tadqiqot, o‘rganishlar, fuqarolar murojaatlarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, davlat xizmatini olishda fuqarolarga yuqori darajada qulaylikni ta'minlash zarur. Buning uchun vazirlik xorijiy tajriba va tendensiyalarni e'tiborga olgan holda takomillashtiruvchi zamonaviy takliflarni muntazam ishlab chiqib kiritib bormoqda.

Byurokratiyaga qarshi kurashishda eng katta g‘ov byurokratlar va byurokratik tartib-taomillarning o‘zidir.

Huquq ijodkorligi o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra ijobiy ma'nodagi byurokratik jarayon hisoblanadi. Biror-bir g‘oyani loyiha shaklida aloqador vazirlik va idoralarga kiritar ekansiz, uni himoya qilishingiz, ularni ishontirishingiz kerak bo‘ladi.

Endi tasavvur qiling, loyihangizda o‘sha vazirlik va idoralarda mavjud bo‘lgan aslida keraksiz, idoraviy manfaatga xizmat qiladigan, korrupsiyaviy xatari bor vakolatlar va tartib-taomillarni bekor qilishni taklif etyapsiz. Ular buni qanday qabul qiladi? Bunday pallada qaror qabul qiluvchining pozitsiyasi, irodasi o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Byurokratiyaga qarshi kurashish, ularni qisqartirish nima uchun zarur? Javobi kundek ravshan bo‘lsa-da, aniqroq tasavvur qilish uchun ayrim ma'lumotlarga to‘xtalsak.

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda yirik korxonalar rahbarlari vaqtining 31 foizi, kichik korxonalar rahbarlari vaqtining 26 foizi byurokratik masalalarni hal qilish, davlat organlari hamda hokimliklar bilan munosabatlarga kirishish uchun sarflanayotgani qayd etilgan. Vaholanki, ushbu vaqt samaraliroq tarzda, masalan, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga, ish samaradorligini oshirishga va korxonalar tushumlarini oshirish masalalariga sarflanishi mumkin edi.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, dunyo bo‘yicha byurokratik qoidalarga rioya etishga sarflanadigan xarajatlar jahon YaIMning 17-20 foizini tashkil etadi. Xususan, AQShda YaIMning 17 foizini, ya'ni 3 trln dollarni tashkil etadi.

Davlat rahbarining kuni kecha qabul qilgan «Aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu sohadagi tizimli izchil siyosatning ifodasi bo‘ldi.

Farmon ma'muriy tartib-taomillarda aholi, tadbirkorlik sub'yektlarining manfaatlariga ko‘proq xizmat qiladigan muhim qoidalarni qamrab olgan. Farmon o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra byurokratiyaga qarshi kurashning sifat jihatdan ikkinchi bosqichining huquqiy asosini yaratdi deyishimiz mumkin.