Jahon | 00:00 / 25.03.2021
8896
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada Rossiyaning 9 rasmiy shaxsiga nisbatan sanksiyalar kiritdi

Kanada Rossiyaning 9 nafar rasmiy shaxsiga nisbatan sanksiyalar kiritdi va buni Rossiyada inson huquqlari buzilishi bilan bog‘ladi.

Aleksey Navalniy / Foto: TASS

Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan rossiyaliklar orasida FXX rahbari Aleksandr Bortnikov, FSIN direktori Aleksandr Kalashnikov, bosh prokuror Igor Krasnov, Rossiya prezidenti ma'muriyati rahbari birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, mudofaa vaziri o‘rinbosarlari Aleksey Krivoruchko va Pavel Popov, Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov va boshqalar bor.

Bu shaxslarning Kanadadagi aktivlari muzlatiladi va ularga Kanadaga kirish taqiqlanadi. Bundan tashqari, Kanadadagi shaxslarga va kanadaliklarga xorijda sanksiyalar ostiga tushgan shaxslarning mulki bilan biror-bir harakat amalga oshirish hamda moliyaviy yordam ko‘rsatish taqiqlanadi.   

2 mart kuni AQSh rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy sababli Rossiya rasmiy shaxslariga nisbatan sanksiyalar kiritgandi. Bundan tashqari, AQSh Rossiyaning kimyoviy va biologik moddalar ishlab chiqarilishiga aloqador 14ta tashkilotiga qarshi cheklovlar kiritgan.

Bundan tashqari, 2 mart kuni Navalniy bilan bog‘liq vaziyat sababli Yevropa ittifoqining Rossiya mansabdor shaxslariga nisbatan sanksiyalari ham kuchga kirgan. Bryussel Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, bosh prokuror Igor Krasnov, Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov va FSIN rahbari Aleksandr Kalashnikovga qarshi sanksiyalar kiritgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid