Jahon | 22:34 / 25.03.2021
41181
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev nabirasining o‘limi sababi ma'lum qilindi

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysulton Nazarboyev kokain moddasiga qaramlik oqibatida kelib chiqqan tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan. Avvalroq Oysultonning o‘limiga yurak to‘xtashi sabab bo‘lgani aytilgandi.

Foto: aisultan.nazarbayev / Facebook

Nazarboyevlar oilasi vakillarining ta'kidlashicha, bunday xulosaga Oysultonning o‘limi sabablarini tergov qilgan G‘arbiy London koroneri Fiona Uilkoks kelgan. Huquq-tartibot idoralari guvohlar, politsiya va ruhshunos ko‘rsatmalariga asoslanib, Nazarboyevning nabirasi o‘limida zo‘ravonlik alomatlari yo‘qligi va u giyohvand moddalarga qaramlik bilan bog‘langani haqidagi xulosaga kelishgan.

“Bizni oxirgi 6 oy davomida qo‘llab-quvvatlagan barchaga va tergovni adolatli o‘tkazgan koronerga minnatdorlik izhor etamiz”, deb aytilgan Nazarboyevlar oilasi bayonotida.

Oysulton Nazarboyev 2020 yil avgustda 30 yoshga to‘lishiga 10 kun qolganda Londonda vafot etgandi. O‘shanda uning o‘limiga yurak to‘xtatishi olib kelgani aytilgandi. Keyinroq Oysultonning o‘limini uning onasi, Nursulton Nazarboyevning katta qizi Darig‘a Nazarboyeva tasdiqlagandi.

2019 yil oktyabrda Londondagi sud Oysultonni o‘zganing mulkiga noqonuniy kirish va politsiya bilan mushtlashuvi uchun shartli ravishda bir yilga ozodlikdan mahrum etgandi. 

2020 yil fevralda Oysulton feysbukdagi akkauntida o‘z xavfsizligidan xavotirlanib, Britaniyada siyosiy boshpana berilishini so‘raganini yozgan. U Qozog‘iston rahbariyatini korrupsiyada ayblagan va oilasi a'zolari tomonidan unga bosim o‘tkazilayotganini aytgan.  

Qozog‘istonda bunga javoban Oysulton bunday postlari bilan bobosi Nursulton Nazarboyevni yomonotliq qilishga urinayotgani aytilgan. O‘shanda Qozog‘iston axborot vaziri Dauren Abayev Oysultonning bu postlari uning giyohvandlikdan davolanayotganidan foydalanayotgan muayyan odamlar ta'siri ostida yozilganini aytgan.

Mavzuga oid