Jahon | 16:10 / 16.08.2020
160268
3 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyevning nabirasi Londonda vafot etdi

Londonda Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning nabirasi 29 yoshida vafot etdi. Qozog‘istondagi nashrlarning yozishicha, Oysulton Nazarboyevning o‘limiga yuragidagi muammo sabab bo‘lgan.

Oysulton Nazarboyevning o‘limi bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar keltirilmayapti.

Oysulton Nazarboyev 1990 yilda  Nazarboyevning katta qizi Darig‘a Nazarboyeva va siyosatchi Rohat Aliyev oilasida o‘rtancha o‘g‘il bo‘lib tug‘ilgan. Sandhyorstdagi Qirollik harbiy akademiyasini va Qozog‘istondagi KIMeP universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. U Qozog‘iston Mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasida xizmat qilgan. Futbol bilan shug‘ullangan hamda Qozog‘iston va xorijning bir necha klubida, jumladan, «Porsmut»ning yoshlar jamoasida o‘ynagan. 

2017 yilda Qozog‘iston futbol federatsiyasida vitse-prezident lavozimida ishlagan. 26 avgust kuni u 30 yoshga chiqardi.

O‘tgan yilning oktyabrida u London sudida sudlangan, bunga u narkotik ta'sirida politsiyachilarga qarshilik ko‘rsatib, ulardan birining qo‘lini tishlab olgani sabab bo‘lgandi. U shartli qamoq jazosiga hukm qilingan; unga jarima qo‘llanib, giyohvandlikdan davolanish majburiy etib belgilangandi.

Tergov ma'lumotiga ko‘ra, Oysulton Nazarboyev kokain iste'mol qilgan. Birinchi eshituvdan keyin hakam uni davolanish uchun ozod qilgan. Ma'lum bo‘lishicha, Nazarboyev Priory xususiy klinikasida davolangan.

Oysulton Nazarboyev 2017 yildayoq feysbukdagi otasining o‘limidan keyin narkotik moddalar qabul qila boshlagani haqida yozgandi. Prezidentning sobiq kuyovi Rohat Aliyev Qozog‘istondan Avstriyaga qochib ketgach, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan.

Oysulton Nazarboyev 2020 yil fevralida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana berishni so‘ragan hamda Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasidagi yirik ko‘lamli korrupsiya va xalqdan o‘g‘irlangan milliardlab dollarlar haqidagi ma'lumotga ega ekani haqida yozgandi. U o‘sha postida qarindoshlari bilan munosabatlari juda yomonligin yozgandi. U onasini qoralagan, Qozog‘istondan Rossiyaga gaz sotuvidagi korrupsion sxemadan xabardorligini aytgandi.

Shu yilning martida 2019 yil Londonda xatlangan 100 mln dollarlik mol-mulklar Darig‘a Nazarboyeva va uning to‘ng‘ich o‘g‘li Nurali Aliyevga tegishli ekani ma'lum bo‘ldi. Keyinroq London Oliy sudi Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy agentlikda Rohat Aliyevning ushbu ko‘chmas mulklarni sotib olishga aloqador ekanligini isbotlovchi dalillar yo‘q deb topdi.

Mavzuga oid