12:10 / 27.03.2021
4172

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish tartibi belgilanmoqda

“Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish va ularni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

  • Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • 2021 yilda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari manzilli ro‘yxati tasdiqlanadi.

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan mezon va shartlarga mos keladigan, loyihani amalga oshirish jarayonida davlat budjeti mablag‘laridan kapital qo‘yilmalar uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar ko‘zda tutilgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarini shakllantirib, ularning har yilgi O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini ta'minlaydi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish tartibini belgilash to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, u davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalarini amalga oshirishda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetidan subsidiyalar, budjet ssudalari, kredit liniyalarini berish tartibini belgilaydi.

O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti hisobidan DXSh loyihalari uchun ajratiladigan mablag‘lar DXSh to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan hollarda O‘zbekiston davlat budjeti parametrlari hamda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida ajratiladi.

DXSh loyihasini O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti hisobidan moliyalashtirish:

  • O‘zbekiston respublika budjeti bo‘yicha – Moliya vazirligi tomonidan;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjeti bo‘yicha - tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari tomonidan;
  • viloyatlar tumanlari va shaharlari budjetlari bo‘yicha - tumanlar va shaharlar hokimliklari moliya bo‘limlari tomonidan har bir DXSh loyihasi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri, shuningdek davlat sherigi va (yoki) davlat sherigi tomonidan vakolat bergan hamda uning tuzilmasiga kiruvchi quyi tashkilotlari uchun alohida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarini ochish orqali amalga oshiriladi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini budjet ssudasi hisobiga moliyalashtirish Budjet kodeksi 140-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

DXSh loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti hisobidan quyidagi to‘lovlar moliyalashtiriladi:

  • DXSh to‘g‘risidagi bitimga muvofiq DXSh obektini qurish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiya qilish, ta'mirlash va xizmat ko‘rsatish xarajatlari uchun to‘lovlar;
  • DXSh loyihalarini amalga oshirish doirasida xalqaro moliya institutlari, xalqaro va mahalliy konsalting hamda loyihalashtirish tashkilotlari bilan konsalting va auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish xarajatlari uchun to‘lovlar;
  • DXSh to‘g‘risidagi bitimga muvofiq davlat-xususiy sheriklik obektidan foydalanish (uni ekspluatatsiya qilish) va (yoki) ushbu obektga xizmat ko‘rsatish davrida undan erkin foydalanilishini ta'minlaganlik uchun davlat sherigi tomonidan amalga oshiriladigan to‘lovlar.

O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti hisobidan DXSh loyihalari uchun rejalashtirilgan mablag‘lari - Moliya vazirligi va (yoki) hududiy moliya organlari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri, shuningdek davlat sherigi va (yoki) davlat sherigi tomonidan vakolat bergan hamda uning tuzilmasiga kiruvchi quyi tashkilotlar orqali ajratiladi.

Mavzuga oid
Top