Jahon | 09:40 / 28.03.2021
5940
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida iqlimni himoyalash uchun 10 milliard tup daraxt o‘tqaziladi 

Foto: Mir

Saudiya Arabistonida iqlimni himoyalash maqsadida bir necha yil ichida 10 milliard tup daraxt o‘tqazish rejalashtirilmoqda. 

Podshohlik valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud global iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash doirasida ikki tashabbus amalga oshirilishi haqida e'lon qildi. Ulardan biriga ko‘ra, podshohlikni ko‘kalamzorlashtirish uchun 10 mlrd tup daraxt o‘tqaziladi. 

Ikkinchi tashabbusga ko‘ra, valiahd shahzoda boshqa arab davlatlari yetakchilari bilan birgalikda “yashil Yaqin Sharq”  dasturini yo‘lga qo‘ymoqchi. Uning doirasida mintaqa bo‘ylab 40 mlrd tup daraxt o‘tqazilishi ko‘zda tutilgan. 

“Podshohligimiz neft qazib oluvchi yetakchi davlat sifatida iqlim o‘zgarishlarini yengishdagi o‘z javobgarligini anglaydi va yashil dunyoni yaratishda yetakchiga aylanishga intilmoqda”, deb aytgan valiahd shahzoda. 

Uning ta'kidlashicha, Yaqin Sharq uchun cho‘lning kattalashishi eng katta ekologik chaqiriq hisoblanadi.

“Qum bo‘ronlaridan har yil ko‘riladigan zarar 13 mlrd dollarni tashkil qiladi, havoning issiqxona gazlari bilan ifloslanishi Saudiya Arabistonida o‘rtacha umr davomiyligining 1,5 yilga qisqarishiga olib keldi. Shu sababli sa'y-harakatlarimiz yashil hududlarni ko‘paytirish, uglerod chiqindilari hajmini kamaytirish, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashga qaratiladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi.

Uning aytishicha, podshohlik qolgan davlatlar bilan birga sayyorani himoya qilishga qaratilgan yashil yo‘l xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid