Jahon | 22:11 / 30.03.2021
2913
1 daqiqa o‘qiladi

AQSh suriyaliklarga 600 million dollarlik insonparvarlik yordami ajratadi

AQSh suriyaliklarga 596 mln dollarlik insonparvarlik yordami ajratadi. Bu haqda AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild Suriyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Bryussel-5” videoanjumanida ma'lum qildi.

Tomas-Grinfild o‘z nutqida prezident Bashar Asad tuzumi va Rossiyaning Suriyadagi harakatlarini qoralagan. Uning ta'kidlashicha, AQShning yordami 13,4 mln suriyalikka va Turkiya, Livan, Iordaniya, Iroq va Misrdagi 5,6 mln qochqinga asqatmoqda. AQShning Suriyaga 10 yil davomida ko‘rsatgan yordamining umumiy qiymati deyarli 13 mlrd dollarga yetgan. 

“Suriya xalqi son-sanoqsiz vahshiyliklarga, jumladan Asad tuzumi va Rossiyaning havo zarbalariga, zo‘ravonliklarga, beshafqat IShID va kimyoviy qurol qo‘llangan hujumlarga to‘qnash keldi”, deb aytilgan AQSh davlat departamenti xabarida. Vashingtonning fikricha, korrupsiya va Bashar Asadning nokompetent iqtisodiy xatti-harakatlari Suriyadagi inqirozni yanada og‘irlashtirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid