O‘zbekiston | 15:06 / 30.03.2021
5657
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ayrim hududlarda so‘ralganlarning 90 foizi vaksina olishga tayyorligini ma'lum qildi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov koronavirusga qarshi emlash jarayoni boshlanishidan oldin o‘tkazilgan maxsus so‘rovnomalar haqida ma'lum qildi.

«Bu borada tibbiyot xodimlari va ta'lim muassasalari xodimlari ishtirokida maxsus so‘rovnomalar o‘tkazganmiz. Ba'zi hududlarda 90 foizgacha ishtirokchilar emlanish istagini bildirishgan.

Lekin nima bo‘lganda ham emlash ixtiyoriy. O‘z salomatligini muhim deb hisoblaydigan odam bu vaziyatni qo‘lda boy bermaydi. Kasallikdan himoyalanish yoki yuqtirgan taqdirda ham jiddiy asoratlarsiz o‘tkazish mumkin bo‘lgan bu holatdan voz kechish – uzoqni ko‘ra olmaslik deb o‘ylayman», dedi u.

Shtab a'zosi dunyoda va O‘zbekistonda epidemiologik holat hali yaxshilanmagani, har kuni o‘lim holatlari qayd etilayotganini inobatga olib bu imkoniyatdan foydalanish zarurligini ta'kidladi.

«Ushbu vaksinalar yaratilish xususiyatiga ko‘ra, koronavirusning 5 mingga yaqin shtammiga qarshi kurasha olishi mumkin. Koronavirusning mutatsiyaga uchragan boshqa shtammlariga qarshi vaksina yaratishga ehtiyoj yo‘q. Bu shtammlar bir-biridan tarqalish tezligi va bolalarda ko‘proq kuzatilishi bilan farq qiladi. Ularning barchasining asosida bitta virus – COVID 19 virusi yotibdi.

Emlash har bir insonning o‘z xohishiga bog‘liq. Emlanishni istamagan odamga hech qanday talablar qo‘yilmaydi. Biz imkoniyatlar eshigini ochyapmiz, undan kirish-kirmaslik har bir kishining o‘z ixtiyorida», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan oldinroq, O‘zbekistonda emlash jarayoni 1 apreldan boshlanib, uch bosqichda davom etishi ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid