O‘zbekiston | 22:23 / 02.04.2021
39494
2 daqiqa o‘qiladi

Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekistonda Renault Avtovaz avtomobil zavodi qurilishini ma'lum qildi

31 mart kuni Toshkentda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev Fransiyaning O‘zbekistondagi ishonchli muvaqqat vakili Bris Rokfey hamda fransuz biznes-hamkorlari bilan uchrashdi.

Foto: Reuters

Bu haqda Azim Ahmadxo‘jayev o‘zining Facebook sahifasida ma'lum qildi.

Uning ma'lumot berishicha, uchrashuv davomida Fransiya tomoni ishtirok etayotgan float-oyna va FIVES STEIN avtomobillar uchun oyna ishlab chiqarish zavodi, mahalliy ishlab chiqarilayotgan BOPP plyonkalarini sotish kabi loyihalarining hozirgi ahvoli muhokama qilinib, dastlabki bitimlar imzolandi.

Ahmadxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda Renault Avtovaz avtomobil zavodi qurilishi va ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Ta'kidlanishicha, muzokaralar jarayonida mazkur loyihalarni amalga oshirishning aniq muddatlari belgilab olindi.

Bundan tashqari, Jizzax viloyatida turizm biznesini rivojlantirish uchun Fransiyaning sayyohlik kompaniyalarini jalb etish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.

Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi raqamli iqtisodiyot va blokcheynni rivojlantirishga mas'ul bo‘lgan Azim Ahmadxo‘jayev 2019 yil yanvarda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Avvalroq 2020 yil noyabrdan boshlab «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasidagi ADM-Jizzakh zavodida uchta komplektatsiyadagi Seltos krossoveri va beshta komplektatsiyadagi K5 sedanini yig‘ish boshlanishi xabar qilingandi. 26 mart kuni avtomobillar birinchi egalariga topshirildi.

Mavzuga oid