Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi
Bugun, 2 aprel kuni O‘zbekiston prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni e'lon qilindi.
Hujjatda milliy ilm-fan va innovatsiya tizimining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rnini oshirish, hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligining asosiy vazifalari belgilangan. Unga muvofiq, vazirlik ustuvor soha va tarmoqlarning ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalar asosida rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqadi, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirish, tasdiqlash va ular ijrosini nazorat qilish, ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni keng jalb etish kabi qator vazifalarni bajaradi.
Shuningdek, farmonda Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022 yillardagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlari ham belgilangan. Bu borada vazirlik biotexnologiyalarni rivojlantirish sohasida biofarmatsevtik mahsulotlar, rekombinant va DNK vaksinalar, biotibbiyot tashxislash texnologiyalari hamda hududlar xususiyatidan kelib chiqib gen va hujayra muhandisligiga asoslangan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi biotexnologik navlarini yaratish bilan shug‘ullanadi. “Sun'iy intellekt”ni joriy etish sohasida yo‘l-transport infratuzilmasi, ta'lim va sud tizimida “aqlli” innovatsion texnologiyalarni joriy etadi. Qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida muqobil va ekologik toza energiya manbai – “yashil” vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va qo‘llash bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni yaratadi.
Hujjatda Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022 yillardagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda.
Farmonga ko‘ra, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 mayga qadar nufuzli xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan ilmiy-innovatsion sohada ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlab, amalga oshiradi.
Mavzuga oid
17:57 / 04.07.2026
Baliqchilikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi
09:45 / 30.05.2026
Ilmiy daraja berishda qator talablar bekor qilinadi
17:27 / 29.05.2026
Ayrim doktorantlarning stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi
08:43 / 29.05.2026