O‘zbekiston | 20:09 / 03.04.2021
16183
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda vaksinatsiya jarayonlari: COVID-19’ga qarshi ilk emlanganlarning holati qanday?

O‘zbekistonda birinchi apreldan boshlab aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonlari boshlandi. Xususan, Samarqand shahridagi poliklinikalarda ham emlash davom etmoqda.

Kun.uz aholini emlash jarayonlari bilan tanishish maqsadida Samarqand shahridagi 2-sonli oilaviy poliklinikada bo‘ldi.

Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov ayni vaqtda shahardagi 12 ta hududda aholi COVID-19’ga qarshi emlanayotganini ma'lum qildi. Bobojonovga ko‘ra, shaharda 215 ta mahalla bo‘lib, har ikki ming nafar fuqaroga bir nafar shifokor, besh nafargacha hamshira biriktirilgan. Fuqarolar mahallalar kesimida ro‘yxat asosida poliklinikalarga taklif qilinmoqda.

Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari, oltmish besh yoshdan oshgan fuqarolar emlashga jalb qilinmoqda. Hindiston va Xitoyda ishlab chiqarilgan ikki xil vaksina mavjud bo‘lib, fuqaroning xohish-istagi inobatga olinyapti. Birlashma boshlig‘i vaksinalarning birini afzal demagan holda, tanlov fuqarolarning ixtiyorida ekanligini bildirdi.

1 aprel kuni COVID-19’ga qarshi emlanib, ayni vaqtda nazorat uchun tibbiy ko‘rikka kelgan fuqarolarning fikri bilan qiziqdik. Sakson yoshdan oshgan onaxonlar Ravza Yambulatova hamda Zebo Razzoqova ikki kun avval koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangani va o‘zini yaxshi his qilayotganini bildirishdi. Ularning aytishicha, o‘zlarida hech qanday nojo‘ya ta'sir sezishmagan.

Poliklinika bosh vrachi Dilbar Boltayevaning aytishicha, fevral oyining o‘rtalaridan boshlab aholini emlashga tayyorgarlik ko‘rilgan. Birinchi navbatda fuqarolarning ro‘yxati shakllantirilgan. Poliklinikaga emlanish uchun kelayotgan har bir fuqaroning kelish kuni, vaqti aniq belgilab qo‘yilgan va ularga xabar berilmoqda. Shu sababli tartibsizlik, fuqarolarning kutib qolish holati kuzatilmayotganini aytmoqda. Boltayeva hozirga qadar emlanganlarning sog‘lig‘idan xabardor bo‘lib turilgani va shikoyatlar kelib tushmaganini bildirdi.

Samarqand shahridagi Birlik mahallasida istiqomat qiluvchi Rajab Qurbonov unga bir kun avval xabar berilgani va emlanish uchun kelganini aytdi. Otaxon COVID-19’ga qarshi emlanganidan bir muddat o‘tib suhbatlashganimizda, o‘zini yaxshi his qilayotganini ma'lum qildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Samarqand shahridagi mavjud poliklinikalarda ikki kun ichida 590 nafar fuqaro koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan. Bosqichma-bosqich emlanishi lozim bo‘lgan fuqarolarning sonini oshirib borish rejalashtirilmoqda. Vaksina olgan fuqarolar emlash.uz saytiga kiritib borilmoqda. Birgina 2-son oilaviy poliklinika misolida aytadigan bo‘lsak, hozirgi vaqtda uchta punkt tashkil qilingan bo‘lib, emlashning uchinchi kunida 210 nafar fuqaroni emlash rejalashtirilgan.

Qayd etib o‘tish joizki, aholi o‘rtasida koronavirusga qarshi emlash ixtiyoriy va bepul. Mas'ullarning aytishicha, kimdir o‘zining navbati kelganda emlanishdan bosh torsa yoki biror sabab bilan poliklinikaga kelolmay qolsa-yu boshqa kuni vaksina olish istagini bildirsa, unga hech qanday e'tiroz bildirilmaydi va talabi qondiriladi.

Isomiddin Po‘latov tayyorladi.
Tasvirchi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid